Darsliklar nafaqat tekin bo'ladi, balki sifat jihatdan ham to'liq tanqidiy ko'rib chiqiladi

    Ta'lim 5 Sentabr 2022 1758

    Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov mazkur masala bo'yicha tanqidiy yig'ilish o'tkazdi.

    Maktab darsliklariga oid davlat rahbarining tegishli topshirig'idan so'ng, Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov mazkur masala bo'yicha tanqidiy yig'ilish o'tkazdi.

    Unda barcha maktab darsliklarini kompleks tekshiruvdan o'tkazish, ulardagi mavjud xato va kamchiliklarni aniqlash, sifatini yaxshilash bo'yicha Prezident Administratsiyasi, Xalq ta'limi vazirligi, Ta'lim sifatini nazorat qilish inspektsiyasi va yana bir qator tashkilotlarning mas'ul vakillaridan iborat katta ishchi guruh tuzildi.

    Hisob palatasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi va Xalq ta'limi vazirligiga 1 oy muddatda darsliklarni tayyorlash, nashr etish, tannarx va tarqatish tizimini tanqidiy ko'rib chiqish, davlat buyurtmasi bajarilishining shaffof va samarali tizimini joriy etish vazifasi belgilandi, deb yozmoqda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o'rinbosari Komil Allamjonov.