Dastlabki bosqichda bir turdagi, keyingi bosqichda yana bir boshqa nomdagi vaksina bilan emlansa boʻladimi?

    Salomatlik 2 Avgust 2021 1823

    Ushbu savolga Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Eʼzozbek Rizayev javob berdi:

    — Qaysi vaksinani olishdan qatʼi nazar, ularning bajaradigan vazifasi bir xil. “Faqatgina falon vaksinadan olaman”, deb kutib turish xato yoʻl hisoblanadi.

    Barcha vaksinaning ishlash mexanizmi bir xil: virusdan inson hujayrasiga yopishib oladigan oqsil ajratib olinib, bu namuna orqali inson hujayralarida virusga qarshi antitelolarni shakllantirishdir.

    Vaksina qayerda ishlab chiqarilgan boʻlmasin, uning vazifasi organizmda ana shu antitanachalarni paydo qilishdir.

    Baʼzilar “Birinchi bosqichda oʻzbek-xitoy vaksinasini olgandim, ikkinchi bosqichda Moderna olsam boʻladimi”, degan savollar bilan murojaat qilyapti. Agar oʻzbek-xitoy vaksinasida emlash amalga oshirilgan boʻlsa, bu 3 bosqichda boʻladi. Yurtimizga keltirilgan boshqa barcha vaksinalar 2 bosqichda amalga oshiriladi. Bu vaksinalar bilan emlashning har bir bosqichida alohida ilmiy tekshiruvlar oʻtkazilgan. Bosqichlar ketma-ketligi saqlansagina toʻliq emlanish amalga oshirilgan, deb xulosa qilinadi.

    Lekin bugun fanga bir vatsinani boshqasi bilan qoʻshib emlash nima oqibatga olib kelishi toʻgʻrisida maʼlumot yoʻq.

    Shuning uchun oʻzboshimchalik bilan qaror qabul qilishga haqqimiz ham yoʻq. Bir necha xil vaksina bilan emlanish natijasida nojoʻya taʼsirlar koʻrinishi xavfi bor. Shu sababli yurtdoshlarimizdan oʻz hayotini xavf ostiga qoʻymasliklarini soʻrab qolamiz.

    Ammo kimdir boshqa vaksina bilan emlanishni istasa, bir vaksinaning toʻliq dozalarini qabul qilganidan 6 oy oʻtgach, boshqa istagan vaksina bilan bir marta emlanish orqali avval shakllangan antitelolar miqdorini saqlab turishi mumkin.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati “Oʻzbekiston 24” telekanali bilan hamkorlikda tashkillashtirgan “COVID-19”: Savol-javob” teleloyihasi doirasida olib bordi.