Dasturlash xizmatlari hajmi qaysi viloyatlarda yuqori?

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari vaziri Sherzod Shermatov ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasida Oʻzbekistondagi dasturlar xizmatlari hajmi boʻyicha oʻz tahlilini eʼlon qildi.  

    Taʼkidlashicha, ikki yil oldin jon boshiga dasturlash xizmatlari hajmi boʻyicha eng oxirgi oʻrinda Jizzax viloyati edi. Bu boradagi olib borilgan ishlar samarasi oʻlaroq, Jizzax viloyati 2 yilda 11 pogʻona koʻtarilib, ushbu koʻrsatkich boʻyicha hududlar orasida 3-oʻrinni egalladi.

    Viloyatda zamonaviy IT Park binosini qurildi. Hindiston bilan hamkorlikdagi IT universiteti, BPO maktabi va masofaviy eksport xizmatlari markazi, umuman olganda oʻziga xos IT klasteri tashkil etildi.

    “Oʻz hududida yuqori maoshli ishchi oʻrinlarini yaratish, xizmatlar eksportini oshirish va shu orqali mahalliy byudjetga daromadlarni koʻpaytirish niyatida boʻlgan hududlar rahbarlari AKT sohasini ham ustuvor soha sifatida belgilab olmoqda. Har bir hududni AKT uchun jozibador makonga aylantirsak, masofaviy eksport markazlarini yaratsak, yoshlarning rasmiy roʻyxatdan oʻtib ishlashlari uchun sharoit yaratib bersak, mahalliy dasturchilar Toshkentga ketishga harakat qilishmaydi. Aksincha, Toshkentda faoliyat yuritayotgan AKT kompaniyalari ham oʻsha hududga borishga harakat qiladi. EPAM, Exadel, iTechArt, iTransition kabi qator yirik korxonalarni Oʻzbekistondagi boʻlinmalarini kengayishi ham mahalliy dasturchilarga chet elga ketmasdan, shu yerda katta loyihalarda yuqori maoshli ishda ishlashga imkoniyatini beradi” deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov.