Davergeodezkadastr qo'mitasi raisi Turaxujaev Xalilillo Sobirjonovichning MUROJAATI

    Ijtimoiy hayot 4 Iyul 2020 1422

    Hurmatli vatandoshlar!

    Bugun Sizlarga ilk marotaba Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasining raisi sifatida murojaat qilmoqdaman.

    Murojaat qilishimga Sizlarni qiynab kelayotgan ko'plab holatlar, jumladan, korruptsiya illati sabab bo'ldi.

    Er resurslari, geodeziya, kartografiya va kadastr sohasining shaffof, korruptsiyadan holi bo'lishidan aynan Siz (biz) va kelajak avlodlarimiz manfaatdor.

    Afsuski, amaliyotda murojaat qilgan fuqaroning ishi tez bitmasligi, sarson bo'lishi, korruptsiya elementlarining mavjudligi, Sizlarning bizga bo'lgan ishonchingizni juda keskin pasayishiga olib kelgan.

    Halollik va poklik orqaligina Sizlarning ishonchingizni oqlab, qo'mita imijini qayta tiklashni asosiy vazifam deb bilaman va bu yo'nalishda Sizlarning ko'magingizga muhtojman. Buning uchun Sizlar bilan to'g'ridan-to'g'ri ochiq muloqotni yo'lga qo'yishimiz zarur.

    Davrgeodezkadastr qo'mitasi faoliyatidagi muammolar, hal etilmagan ishlar, byurokratik to'siq va g'ovlarga duch kelayotgan bo'lsangiz, shuningdek, mazkur yo'nalishni rivojlantirish, takomillashtirish bo'yicha g'oya va takliflaringiz mavjud bo'lsa, biz bilan ochiq muloqot qilishingizni so'raymiz.

    Buning uchun, hozirda Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasining @uzkadastr Facebook tarmog'ida rasmiy sahifasi, 1097 ishonch telefoni, shuningdek, Sizlarga qulay bo'lishi uchun Telegram messenjerida @ygkuzbot qayta aloqa boti ishga tushirildi va mening shaxsiy elektron 01@ygk.uz manzilimga to'g'ridan-to'g'ri murojaat etishingiz mumkin.

    Har bir murojaatingizni e'tibor bilan o'rganamiz.

    Kundalik hayotida davlat idoralariga murojaat etib, turli qiyinchiliklarga duch kelayotgan xalqning o'zigina — sohani rivojlantirish uchun nima kerakligini bizdan ko'ra yaxshiroq biladi, muhim g'oyalarni taklif eta oladi.

    SHu bois, har bir fuqaro, ommaviy axborot vositasi, jurnalist va blogerning shu sohaning rivoji uchun bildirgan fikri va e'tibori biz uchun juda muhim va qadrli.

    Do'stlar!

    Asosiy maqsadimiz Sizning ko'magingizda xalqimizga byurokratiya va korruptsiyadan holi, sifatli va xolis xizmat ko'rsatadigan tizimni shakllantirish.

    O'ylaymanki, birdamlikda amalga oshirilgan ishlar, ijobiy o'zgarishlar uzoq kuttirmay o'z samarasini beradi.

    Hurmat ila,

    Xalilillo Turaxujaev