Davergeodezkadastr qoʻmitasining rasmy telegram kanalida tizimni korrupsiyadan tozalash borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Maʼlumotda taʼkidlanishicha yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali Davergeodezkadastr qoʻmitasi raisiga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish imkonini beruvchi telegram bot kanal ishga tushirilgandan soʻng lavozimini suiisteʼmol qilib, vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgan, bu sohada xalqqa xizmat qilish emas, balki boshqa maqsadda yurgan rahbar va xodimlar yaqqol bilinib qoldi.

Natijada Fargʻona viloyatida 5 ta, Namangan viloyatida 11 ta, Jizzax viloyatida 1 ta hamda Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazining 1 ta JAMI 18 nafar rahbar va xodimlar ishida koʻplab kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun lavozimidan ozod etildi.

Ular orasida kuni kecha Fargʻonada bino va inshootlarga kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 400 AQSH dollari talab qilgan Toshloq tuman yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi mutaxassisi, Oʻzbek davlat yer tuzish-ilmiy loyihalash instituti «Oʻzdaverloyiha» Fargʻona filiali muhandisi ham bor.

Oxirgi 15 kun ichida Davergeodezkatadastr qoʻmitasi tizimidagi 34 ta rahbar va xodimlar lavozimidan ozod etildi.

Maʼlumot soʻnggida qoʻmita tomonidan fuqarolarga murojaat qilingan. 

“Hurmatli fuqarolarimiz hamda tadbirkorlarimiz! Agarda Siz bizning xizmatlarimizdan foydalanishda muammo yoki korrupsion holatlarga duch kelsangiz, bizga (telegram bot @ygkuzbot, elektron pochta 01@ygk.uz) xabar bering!” deyiladi xabarda.