Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimida  korruptsiyaga qarshi kurashish bilan bog'liq bo'lgan tarkibiy tuzilma joriy etilgan bo'lib, ushbu faoliyatni takomillashtirish uchun muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O'tgan davr mobaynida Agentlikda korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha ISO 37001 xalqaro standarti joriy qilinib,  "Korruptsiyaga qarshi boshqaruv tizimi" sertifikati qo'lga kiritildi.  ISO 37001 bu tashkilotda korruptsiyaga qarshi samarali tizimni yaratish uchun xalqaro modelni o'z ichiga olgan dunyodagi birinchi xalqaro standart hisoblanadi. Ushbu standartning sertifikatini olish orqali tashkilot investorlar, tadbirkorlar, davlat hokimiyati organlari hamda boshqa manfaatdor tomonlarga biznes jarayonlarini shaffof, qonuniy va jahonning ilg'or tajribalariga muvofiq ravishda o'tkazish qobiliyatini yuqori darajada namoyish etishi mumkin.

Agentlikda mazkur standartning talablarini tadbiq etish doirasida tizimda yashirin iqtisodiyot va korruptsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo'yicha “Yo'l xaritasi” tasdiqlanib, shu asosda bir qator hujjatlar qabul qilindi.

Axborot xavfsizligi siyosatini ta'minlash maqsadida xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida korruptsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo'yicha majburiyatlar o'z aksini topdi. Bo'sh ish o'rinlariga xodimlarni qabul qilishda shaffoflikni ta'minlash, ularni tanlash va joy-joyiga qo'yish,  rotatsiya qilish, rag'batlantirish tizimi joriy etildi. Bundan tashqari, Agentlikda korruptsiya to'g'risida xabar berish yangi aloqa kanallari joriy etildi.

Agentlikning barcha hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarida ichki nazorat va komplaens xizmati bo'linmalari tashkil etildi.  Shuningdek, Agentlikning xususiylashtirish, korporativ boshqarish, baholash, bankrotlik, davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash, inson omilini qisqartirish bo'ycha ishlarni amalga oshirish maqsadida zamonaviy IT texnologiyalarini yanada takomillashtirish va inson omili yuqori bo'lgan yo'nalishlarni raqamlashtirish bo'yicha “Yo'l xarita”si qabul qilinib  amalga tadbiq etilyapti.

Bundan tashqari, Prezidentimizning “Korruptsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan davlat tashkilotlarida korruptsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etilgan. Davaktiv agentligining korruptsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo'yicha ish faoliyati samaradorligi reytingi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “qoniqarli” natija bilan baholandi.