Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–6096-son Farmoniga muvofiq hamda iqtisodiyotga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish maqsadida:
- Xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchilari, investitsiya banklari va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni (keyingi oʻrinlarda – professional tashkilotlar) jalb etgan holda davlat aktivlarini xususiylashtirishning zamonaviy usullarini joriy etish amaliyoti boshlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq mazkur Farmonning 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan davlat aktivlarini ommaviy savdolarga qoʻyishda va ularni sotish jarayonlarini tashkil etishda:
professional tashkilotlarni jalb etish Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yoki “UzAssets” investitsiya kompaniyasi tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida amalga oshiriladi. Bunda, ular bilan tuziladigan shartnomalarni ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi;
professional tashkilotlar tomonidan davlat aktivlarini sotish maqsadida aniqlangan qiymat yoki qiymatlar oraligʻi (baholash faoliyatining milliy standarti talablaridan qatʼi nazar) savdo jarayonida moʻljal sifatida hisobga olinishiga ruxsat beriladi;
baholash tashkilotining baholash toʻgʻrisidagi hisobotida tavsiya etilgan va uning ekspertiza xulosasida aniqlangan narxni davlat aktivining boshlangʻich narxi sifatida majburiy belgilash toʻgʻrisidagi talab amal qilmaydi;
Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasiga davlat aktivlarining boshlangʻich narxini eʼlon qilmagan holda sotish toʻgʻrisida eʼlonlar berish hamda 2 tadan kam boʻlmagan takliflar orasida eng yaxshisi asosida sotish boʻyicha qarorlar qabul qilish vakolati beriladi (baholash toʻgʻrisidagi hisobotda tavsiya etilgan va ekspertiza xulosasida aniqlangan narxdan qatʼi nazar).
3. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-avgustga qadar davlat mulkini xususiylashtirishda baholovchi tashkilotlarni tanlash, ularning xizmatlari qiymatini aniqlash va toʻlashning eng yaxshi tijorat takliflarini tanlab olish tartibini joriy etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va javobgar etib Bosh vazirning oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov belgilansin.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2021-yil 11-fevral