Davlat aktivlarni boshqarish agentligi ilk bor “Zoom” platformasida matbuot anjumanini o'tkazdi

    Ijtimoiy hayot 16 Iyun 2020 1928

    Davlat aktivlarni boshqarish agentligi ilk bor “Zoom” platformasida matbuot anjumanini o'tkazdi. Unda mamlakatimiz va xorijdan 25 ga yaqin jurnalist, blogerlar ishtirok etdi. Anjuman doirasida xususiylashtirish, davlat korxonalari samaradorligini oshirish hamda “E-Auksion” elektron savdo maydonchasida yaratilgan qulayliklar bo'yicha taqdimot qilindi.

    Qayd etilganidek, Agentlik tashkil etilgandan buyon o'tgan davr mobaynida davlatga tegishli bo'lgan 1187 ta aktiv realizatsiya qilindi. Joriy yil boshidan esa to shu kunga qadar jami 352 ta davlat aktivi, shu jumladan 77 ta jamiyat aktsiya (ulush)lari va 275 ta ko'chmas mulk ob'ektlari 2,9 trln so'm qiymatda 1,0 trln so'm investitsiya kiritish va 4,3 ming ish o'rni yaratish sharti bilan savdoga chiqarildi. SHu davr mobaynida, 359 ta davlat aktivi 391,2 mlrd so'mga (shundan 294 tasi 3,2 trln so'm investitsiya kiritish va 5,1 ming ish o'rni yaratish sharti bilan) investorlarga sotildi. eng muhimi, barcha faoliyat ochiqlik va shaffoflik asosida olib borilyapti.

    Investitsiya majburiyati bilan sotilgan 1327 ta, shu jumladan joriy yilda sotilgan 223 ta davlat aktivi bo'yicha monitoring o'rnatilgan bo'lib, ushbu ob'ektlarga o'tgan davr mobaynida 1,1 trln. so'm investitsiya kiritildi, 266 ta ob'ekt ishga tushirilib, 8,4 ming ish o'rni yaratildi.

    Zarar ko'rib ishlayotgan 84 takorxonadan 46 tasi xususiy sektorga sotilib, 18 tasi sog'lomlashtirildi va 6,3 mlrd so'msof foydaga erishildi. Davlat byudjetiga jami 1,4 trln. so'm (15,5 barobar ko'p) mablag' tushirildi. Jumladan xususiylashtirishdan – 113,1 mlrd so'm (14,9 barobar ko'p); davlat ishtirokidagi korxonalar to'langan dividendlardan – 1,3 trln. so'm (25,6 barobar ko'p); davlat mulklarini ijaraga berishdan esa, – 6,6 mlrd. so'm.

    Jurnalistlarga ma'lumot berilganidek, davlatga tegishli 1 849 ta bo'sh turgan ob'ektning 1 424 tasidan samarali foydalanish yo'lga qo'yildi. SHuningdek, davlat ulushi mavjud jamiyatlardagi 1 373 ta ob'ektning 340 tasidan samarali foydalanish yo'lga qo'yildi, qolgan 1033 tasi bo'yicha xususiylashtirish, davlat-xususiy sheriklik asosida sotish va ijaraga berish takliflari tayyorlanmoqda. Davlat ishtirokidagi O'zbekneftgaz, O'zbekenergo, Asakabank, Milliy bank faoliyatini o'rganish natijalariga ko'ra, 171 ta nosohaviy ob'ekt Agentlik tasarrufiga o'tkazilib, bugungi kunda ularning 10 tasi sotilgan, 93 tasi bo'yicha savdo jarayonlari davom etmoqda, qolgan 68 tasi savdoga tayyorlanmoqda.

    Davlat aktivlarini samarali boshqarishni tashkil etish maqsadida O'zbekneftgaz, O'zbekenergo, O'zsuvqurilish, O'zsuvta'minot, O'zmilliybank, Humo Air aviakompaniyasi, shu jumladan tarkibidagi 95 ta tizim korxonalarining restrukturizatsiyasi to'liq yakunlandi.

    Bugungi kunda “O'zpaxtasanoat”, “O'zdonmahsulot”, “Navoiy KMK”, “O'zagroservis”, geologiya-qidiruv, yo'l qurilish, nashriyot-matbaa korxonalari va futbol klublari), shu jumladan tarkibidagi 1184 ta tizim korxonalari restrukturizatsiyasi amalga oshirilmoqda. Tarmoq korxonalari “YAngi Angren IeS” AJ, “Angren IeS” AJ, “O'zbekko'mir” AJ – “Central Asia Energy” MCHJga; “Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ – “Jizzakh Petroleum” MCHJ QKga; “Toshkent hayvonot bog'i” MCHJ – “Wildlife Care” MCHJga hamda “Ammofos-Maksam” AJ – “Olmaliq TMK” AJga) ishonchli boshqaruvga berildi.

    Muloqotda agentlik faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan 20 ga yaqin hujjat loyihalari xususida qayd etilib, shu kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan "Xususiylashtirish jarayonlarini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi yangi qaror haqida ham ma'lumot berildi.

    Agentlik o'zining kelgusi rejalari haqida to'xtalar ekan, endilikda shu formatdagi matbuot anjumani, brifing va turli muloqotlarni har oyning 3 dushanba kuni o'tkazishga kelishib olindi. Anjuman davomida OAV vakillari Markaziy apparat va hududiy boshqarmalar, agentlik tarkibidagi muammolarni o'rganuvchi Markaz faoliyati, xususiylashtirish, davlat aktivlarini sotishda xorijiy investorlarning ishtiroki, davlat mulkining realizatsiyasida tadbirkorlarning huquqlari buzilishining oldini olish borasida ko'rilayotgan choralar, shuningdek, investorlar uchun eng jozibali va aksincha, ulushlarni sotishdagi qiyinchiliklar haqidagi savollarni o'rtaga tashladilar.

    Agentlik axborot xizmati