Qarorga koʻra, quyidagilar amalga oshiriladi:
— davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini bosqichma-bosqich autsorsing usulida ovqatlantirish tizimiga oʻtkazish;
— “Yagona mavsumiy taomnoma”ni joriy etish hamda oziq-ovqat xarajatlarining hisobini “Bolalar bogʻchasi” maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida yaratilgan modullar orqali yuritish;
— davlat bogʻlarida tarbiyalanuvchilarni “Yagona mavsumiy taomnoma” asosida respublika hududlari kesimida bir tarbiyalanuvchi uchun kunlik ovqatlantirish xarajatini belgilash orqali ovqatlantirish.
Shuningdek, Taʼlim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish va nazorat qilish markazi tashkil etiladi.
Davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etishni muvofiqlashtirish hamda jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish Markazning asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.
Qaror bilan “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida autsorsing usulida sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida"gi nizom tasdiqlandi.
Davlat bogʻchalari tarbiyalanuvchilarning sogʻlom, xavfsiz va sifatli ovqatlanishini taʼminlash maqsadida 2025-yil 1-iyulgacha “Yagona mavsumiy taomnoma” joriy etiladi.
2025-yil 1-iyulgacha sogʻlom ovqatlantirish tashkil etiladigan davlat bogʻchalarida tadbirkorlar bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzilishi va autsorsing usulida sogʻlom ovqatlantirish yoʻlga qoʻyilishi taʼminlanadi.