Tadbirda strategiyani yangilashga asos boʻlayotgan omillar, loyihaga kiritilayotgan oʻzgarishlar hamda jamoatchilik muhokamasi jarayonida kelib tushayotgan takliflar muhokama qilindi.

Matbuot anjumanida Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi masʼul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov matbuot anjumanida soʻzga chiqib, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish va unda belgilangan vazifalarni yangilash masalalariga toʻxtaldi.

“ Oʻzbekiston – 2030ʻ strategiyasida belgilangan vazifalarning yangilanishi mamlakat taraqqiyoti va aholi farovonligiga qaratilgan. Loyihani muhokama qilish jarayonida keng jamoatchilik ishtiroki uni yanada mukammallashtirishga xizmat qiladi”, — dedi u.

Adliya vazirligi departamenti direktori Eldor Mahkamov yangilanayotgan strategiya loyihasida davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari sohasida raqamlashtirish orqali samaradorlikni oshirishga qaratilgan vazifalar nazarda tutilganini maʼlum qildi.

Uning aytishicha, davlat boshqaruvi va davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini toʻliq raqamlashtirish doirasida arxiv materiallarining raqamlashtirilgan ulushini 80 foizga yetkazish, mavjud 40 million hujjatdan 25 millionini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, hokim va ularning oʻrinbosarlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlar, xulosa, dalolatnoma va bayonnomalarni “E-qaror” elektron tizimi orqali ishlab chiqish va qabul qilish amaliyotini toʻliq joriy etish koʻzda tutilgan.

Raqamli texnologiyalar vazirligi boshqarma boshligʻi Jahongir Shukurov strategiya loyihasida raqamli davlat boshqaruvini kompleks rivojlantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda davlat xizmatlarini yagona raqamli muhit asosida tashkil etish masalalariga eʼtibor qaratdi.

Uning maʼlum qilishicha, mamlakatda raqamli davlat boshqaruvini yanada rivojlantirish doirasida BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida yuqori oʻrinlarni egallash, “Xalq nazorati” portalini barcha hududlarda joriy etish va “Raqamli hukumat” tizimining yagona platformasiga ulangan servislar sonini oshirish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi departament mudiri Gʻolibjon Abduazizov davlat boshqaruvi tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga qaratilgan vazifalar haqida maʼlumot berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, ichki ish yurituvi jarayonlarini bosqichma-bosqich optimallashtirish, qogʻoz sarfini qisqartirish, davlat fuqarolik xizmatida malakaga asoslangan karyera modelini joriy etish, shuningdek, “Edu.argos.uz” platformasi orqali davlat xizmatchilarining onlayn malaka oshirish qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.

Muhokamalar davomida strategiya loyihasining mazmun-mohiyati, uni takomillashtirish yoʻnalishlari hamda bildirilayotgan takliflar yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida erishilgan natijalar hamda yangi ustuvor vazifalar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini qayta koʻrib chiqishni taqozo etayotganini taʼkidlagan.

Shuningdek, mamlakatning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor boʻlgan mazkur hujjatni keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish va aholi fikr-mulohazalari asosida takomillashtirish zarurligi qayd etilgan.

Matbuot anjumani davomida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan savollar yuzasidan tegishli maʼlumot va tushuntirishlar taqdim etildi.

Anjumandagi qizgʻin muhokamalar, asosli tahlillar va ochiq muloqotlar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining xalq manfaatlariga mos, zamonaviy va amaliy hujjat sifatida takomillashtirilayotganini yana bir bor namoyon etdi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Qonun ustuvorligi, raqamli davlat boshqaruvi va xalq xizmatiga yoʻnaltirilgan islohotlar mamlakat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olingani ushbu tadbirda yaqqol oʻz ifodasini topdi.

Zulxumor Akbarova