“Yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, vatanparvar, halol kadrlarni tanlash va tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratilmas ekan, davlat boshqaruvida sifat o‘zgarishi yuz bermaydi”, — deya bir necha bor ta’kidlagan edi davlatimiz rahbari.
Aynan shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Davlat boshqaruvi tizimining zamonaviy muammolari va rivojlantirishning ustuvor vazifalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Har qanday davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida davlat boshqaruvi tizimining samaradorligi muhim rol o‘ynaydi. Bugungi kunda davlat boshqaruvi tizimining to‘laqonli samara bilan ishlashini ta’minlashda zamonaviy muammolar yuzaga kelmoqda. Ushbu muammolarni muvaffaqiyatli hal etish va zamonaviy yechimlar taklif etish samarali boshqaruvning asosi hisoblanadi.
O‘zbekistonning davlat boshqaruvi tizimining zamonaviy muammolari, joriy amaliyot hamda uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va strategiyalarini ishlab chiqishni yetuk olim va mutaxassislar bilan muhokama qilish, xorijiy tajribani o‘rganish va tatbiq etish yuzasidan yechim va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish ushbu xalqaro konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsaddir.
Ushbu nufuzli anjumanda 200 ga yaqin Davlat boshqaruvi akademiyasi xodimlari va tadqiqotchilari, Respublikamizning vazirlik-idora hamda Akademiyaning xalqaro hamkor tashkilot rahbarlari, soha ekspertlari, olimlar, hamda tadqiqotchilardan iborat ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali xalqimizga munosib xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish vazifasi quyilgan. O‘zbekistonda olib borilayotgan ma’muriy islohotlar shunday tizimni yaratishga qaratilgan.
Ushbu xalqaro konferensiyada J. Abdurahmonov nomidagi Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Almazbek Akmataliyev, Koreya Bosh Vaziri huzuridagi Davlat boshqaruvi instituti Prezidenti Sangxan Chve, Ostona Davlat xizmati xabi boshqaruv raisi Alixan Baymenovlar onlayn tarzda ishtirok etib bugungi kun davlat boshqaruvi tizimining zamonaviy muammolari hamda bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlikdagi aloqalar to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Shuningdek tadbirda, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va Davlat xizmati akademiyasi prorektori Andrey Margolin so‘zga chiqib, davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining boshqaruv kadrlaridan talab etiladigan zamonaviy kompetensiyalar to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Xans Zaydel jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Javhar Do‘stov yig‘ilganlarga O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida davlat boshqaruvi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
Konferensiyada Davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirish evolyusiyasi va nazariyasi, jamoaviy siyosiy liderlik, O‘zbekistonda ijtimoiy sohada davlat boshqaruvini tashkil etish masalalari, raqamli iqtisodiyot sharoitida davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirish amaliyoti va boshqa mavzularda seksiya muhokamalari tashkil etildi.
O‘tkazilgan mazkur konferensiyaning mavzusi dolzarb hisoblanib, anjuman qatnashchilarida davlat, xo‘jalik va jamiyat boshqaruvi, psixologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va "elektron hukumat" tizimlari sohasida mustahkam bilimlarni yanada rivojlantirish, tizimli tahlil qilish va strategik rejalashtirish ko‘nikmalarini shakllantirishga hizmat qiladi.
Konferensiya so‘nggida mutaxassislar tomonidan bildirilgan takliflar va tavsiyalar bugungi kunda O‘zbekistonning davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.