Byudjet ijrosini taʼminlashda asosiy eʼtibor iqtisodiy barqarorlikni saqlash, ijtimoiy sohani qoʻllab-quvvatlash va aholini ijtimoiy himoya qilish yuzasidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlaridagi vazifalarga qaratilgan.

“2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunning 9 oyidagi ijrosi belgilangan parametrlar doirasida taʼminlangan.

Oʻz vaqtida muvofiqlashtirilgan fiskal va pul-kredit choralari tufayli hisobot davrida respublika iqtisodiyoti 6,9 foizga oʻsgan, YAIM hajmi 519,8 trln soʻmni tashkil etgan.

Iqtisodiy oʻsish surʼatlari sanoatda 9,0 foizni, qurilish sohasida 4,5 foizni, qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi va baliqchilik sohalarida 4,2 foizni hamda xizmat koʻrsatish sohasida 7,6 foizni tashkil etgan. Iqtisodiyotda oʻsish surʼatlarini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida inflyatsiya darajasi yil boshidan 5,9 foizni tashkil etgan.

Hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari 116 trln soʻmni tashkil etib, belgilangan prognoz 108,4 foizga yoki 9,0 trln soʻmga oshirib bajarilgan. Daromadlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 21,6 trln soʻmga koʻpaygan.

Davlat byudjetining 2021-yil 9 oylik xarajatlari davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz 130 trln 265,1 mlrd soʻmni tashkil etib, aniqlangan reja koʻrsatkichlariga nisbatan 95,8 foizni yoki YAIMga nisbatan 25,1 foizni tashkil etgan.

Hisobot davrida mahalliy byudjetlar daromadlar qismi prognozga nisbatan 120 foizga bajarilgan yoki 25 trln 495 mlrd soʻmni, xarajatlar qismi esa rejaga nisbatan 104 foizga ijro etilib, 46 trln 497 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish boʻyicha hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar daromad koʻrsatkichi 6 trln 385 mlrd soʻmga ortigʻi bilan ijro etilgan.

Bu esa, oʻz navbatida, aholini ijtimoiy himoyalash va kambagʻallikni qisqartirish, ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirish imkonini berdi.

Taʼkidlanganidek, hisobot davrida ijtimoiy sohaga Davlat byudjetidan 64 trln 38 mlrd soʻm yoki umumiy xarajatlarning 49,2 foizi miqdorida mablagʻ ajratilgan.

Senatorlar hisobot davrida byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida yagona gʻazna hisobvaragʻining ishonchli va barqaror ishlashi hamda inson omili aralashuvini qisqartirish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligiga eʼtibor qaratdi.

Moliya vazirligiga byudjetdan mablagʻ oluvchi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ajratilgan mablagʻlardan maqsadli hamda samarali foydalanish ustidan taʼsirchan nazorat tizimini oʻrnatish, byudjet mablagʻlarining natijadorligini taʼminlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy etish maqsadga muvofiqligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan byudjet xarajatlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan rasmiy veb-saytlarda byudjet mablagʻlari xarajatlari, byudjet ochiqligini taʼminlash yuzasidan tegishli maʼlumotlarni joylashtirish zarurligi bildirildi.

Bundan tashqari, aholini tashvishga solayotgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida eʼtibor qaratish, jumladan, “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi” mablagʻlarini shakllantirish, ulardan samarali va maqsadli foydalanish boʻyicha maʼlumotlarni rasmiy veb-saytga, jumladan “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirishni doimiy nazorat qilish lozimligi taʼkidlandi.

Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish hamda ijtimoiy himoyaning manzilliligini kuchaytirish zarurligi ham taʼkidlab oʻtildi.

Davlat byudjetining 2021-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.