Mazkur qonun 17 ta modda va 10 ta ilovadan iborat boʻlib, unda asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlar oʻz ifodasini topgan. Xususan, 2025-yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 6 foiz oʻsishi kutilmoqda.
Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 431 trillion soʻm miqdorida, xarajatlari esa 480,5 trillion soʻm miqdorida rejalashtirilgan holda, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz miqdoridagi taqchillik bilan tasdiqlandi.
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari balansi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 foiz miqdorida taqchillik bilan shakllantirildi. Bunda davlat byudjeti daromadlari 308,5 trillion soʻm, xarajatlari esa davlat maqsadli jamgʻarmalariga transfertlarni inobatga olgan holda 344,8 trillion soʻm miqdorida rejalashtirildi.
2025-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlari prognozi 65,8 trillion soʻm, xarajatlari prognozi 84,3 trillion soʻm miqdorida boʻlishi inobatga olingan. Shuningdek, respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga 18,5 trillion soʻm miqdorida tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar oʻtkazib berilishi nazarda tutilgan.
Qonunga koʻra, bu yil ham byudjet xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlab qolindi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan taʼminlash kabi tadbirlar uchun jami davlat byudjeti xarajatlarining 52 foizi yoʻnaltiriladi.
Mahalliy byudjetlar daromadini koʻpaytirish va mustaqilligini oshirish maqsadida quyidagi soliq turlari qoʻshimcha tarzda tuman va shaharlar byudjetlarida qoldiriladi:
- aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning yer va mol-mulk soliqlari toʻliqligicha (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqlar bundan mustasno);
- jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi tushumlarining kamida 50 foizi (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqlar bundan mustasno);
- davlat mulkini xususiylashtirishdan mahalliy byudjetlarga tushadigan tushumlarning 50 foizi.
Shuningdek, tuman va shaharlar mahalliy kengashlariga ayrim soliq turlari boʻyicha koeffitsiyent qoʻllash vakolatlar berilgan.
Umuman, davlat byudjeti joriy yilda ham iqtisodiyotni izchil rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni manzilli hal etib, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.