Davlat budjetiga 25,5 trillion soʻm miqdorida bojxona toʻlovlari undirilgan

    Bojxona rasmiylashtiruvi vaqti 2 barobarga qisqardi.

    2023-yilning 1 yarim yilligida Davlat byudjetiga 25,5 trln soʻm miqdorida bojxona toʻlovlari undirildi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati maʻlum qildi:

    Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 6,5 mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga 24,7 trln soʻm miqdorida bojxona toʻlovlaridan imtiyoz va tarif preferentsiyalari qoʻllanildi. Shuningdek, ushbu davr mobaynida tadbirkorlarga 4 trln soʻm miqdoridagi bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlashga ruxsat berildi.

    Tizimda raqamli bojxona tamoyilini keng joriy qilish hamda tadbirkorlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib toʻlash”, “Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining pul mablagʻlarini qaytarish” interaktiv xizmatlari, bojxona koʻrigi samaradorligini oshirish maqsadida “Bojxona koʻrigi” axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

    Shuningdek, Bojxona organlariga xalqaro kuryerlik joʻnatmalariga oid elektron maʻlumotlar taqdim etilishini taʻminlash maqsadida “E-tranzit” dasturi doirasida “E-tijorat” moduli ishlab chiqilib, bojxona ekspertizasidan oʻtkazish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida, “E-ekspert” axborot tizimi amaliyotga joriy etildi.