Davlat chegarasi orqali Tojikiston va Qirgʻizistondan oʻtkazilgan giyohvandlik vositalari toʻxtatib qolindi

    Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qonunbuzarlarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

    Giyohvandlik vositalarining kontrabandasiga qarshi kurashish doirasida DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida bir nechta noqonuniy holatlarga chek qoʻyildi.

    Jumladan, “oʻzbek-tojik” davlat chegarasining Samarqand viloyati Urgut tumani Chep qishlogʻi hududidan oʻtgan qismida, nomaʼlum shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan olib kelinib, qoldirib ketilgan 980 gr. “geroin” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Hozirda ushbu giyohvandlik vositasi egalarining shaxsiga aniqlik kiritish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Andijon viloyatida kuzatilgan holatda, Qoʻrgʻontepa tumanining Qorasuv shahrida yashovchi, 1996-y.t., muqaddam sudlangan shaxs tarkibida “Pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʻlgan 30.000 dona “Nervegesic” nomli dori vositasini Qirgʻiz Respublikasidan davlat chegarasi orqali noqonuniy ravishda oʻtkazgan vaqtida ushlandi.

    Bunday qonunbuzilishi Namangan viloyatida ham qayd etilib, unda 3121 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini Qirgʻiz Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan Kosonsoy tumani hududiga oʻtkazgan vaqtlarida 1992 va 1993-yillarda tugʻilgan 2 nafar mahalliy fuqaro ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

    Shuningdek, ularning 1988 va 1993-yillarda tugʻilgan 2 nafar jinoiy sheriklari ham protsessual tartibda ushlandi.

    Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qonunbuzarlarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.