Ta’kidlash joizki, Davlat dasturi doirasida jami 170 ta, shundan davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha - 20 ta, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishida - 13 ta, iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishida - 63 ta, ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishida - 53 ta, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishida 21 ta hujjat qabul qilingan.

Hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilga nisbatan 101,6 foizni, shundan, sanoat - 100,7 foizni, xizmatlar - 102,3 foizni, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi - 103,0 foizni tashkil qilgan.

Savdo va xizmat ko‘rsatish ob'yektlari faoliyatining pandemiya sharoitida cheklanishi joriy yilda savdo aylanmasiga hamda xizmatlar sohasining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, savdo aylanmasi hajmi 194,8 trln. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 103,2 foizga bajarilgan.

Jami xizmatlar hajmi 218,9 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 102,3 foizga o‘sgan. Moliya sohasida 25,6 foiz, aloqa va axborotlashtirish sohasida 115,3 foiz, ta’lim sohasida 7,4 foiz ko‘rsatilgan xizmatlarda yuqori o‘sish qayd etilgan.

Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishga 3 trln. 962 mlrd. so‘m, ijtimoiy va infratuzilma ob'yektlarini qurish, rekonstruktsiya qilishi va kapital ta’mirlashga 3 trln. 423 mlrd. so‘m, korxonalarni moliyaviy ko‘llab-quvvatlashga 2 trln. 485 mlrd. so‘m, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga 1 trln. 340 mlrd. so‘m, sog‘liqni saqlash ob'yektlarini qurish va zarur infratuzilmani yaratishga 1 trln. 22 mlrd. so‘m, mahalliy byudjetlar va pensiya jamg‘armasi yo‘qotishlarini qoplashga 595 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘lar sarflangan.

Hisobot davrida xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan 9,8 mlrd. AQSh dollari miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilgan. 2020-yilda 197 ta yirik loyiha ishga tushirilgan. Natijada jami 38 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Shu bilan birga, Davlat dasturining 58 ta bandi ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari mas’ul idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, 20 ta band ijro muddati uzaytirilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan Dasturda belgilangan vazifalarning hududlar kesimida o‘z vaqtida va sifatli bajarilganligi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda ish olib borish lozimligi ta’kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati