Davlat dasturi ijrosi parlament va jamoatchilik nazoratida

    Mamlakatimizda 10 Dekabr 2021 1059

    «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturi ijrosi yuzasidan navbatdagi jamoatchilik eshituvi joriy yil 10-dekabrda o‘tkazildi.

    Jamoatchilik eshituvi «Yuksalish» umummilliy harakati va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Turizm va sport vazirligining mas’ul rahbarlari Davlat dasturining tegishli bandlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan keng jamoatchilikka axborot taqdim etdi.

    Jumladan, Dasturning 81-bandiga muvofiq, hududlarda tashqi qarz hamda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha jamoatchilik nazorati tizimini takomillashtirish;

    87-bandga ko‘ra, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchisi maqomini olish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash maqsadida sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashni keng joriy etish;

    103-bandga ko‘ra, turizm sohasidagi bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash maqsadida ish beruvchilar bilan hamkorlikni tashkil etishga qaratilgan onlayn-platforma yaratish;

    156-bandga ko‘ra, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tajribasi asosida barcha shahar va tumanlarida «Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari»ni tashkil etish va boshqa shu kabi vazifalarning ijro holati yuzasidan mas’ullar hisoboti tinglandi.

    Jamoatchilik eshituvi davomida tashqi qarz hisobidan hamda davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar necha marotaba mahalliy Kengashlar va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilganligi, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchisi maqomini olishda elektron tanlov o‘tkazish tartibi qay darajada shaffof tarzda yo‘lga qo‘yilganligi, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarida turizm firma va kompaniyalarining faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha bajarilgan ishlar, qaysi hududlarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilganligi va ularni zarur infratuzilma bilan ta'minlash ishlarining holati qanday ekanligi kabi savollarga javob olindi.

    Tadbirda hududlarda tashqi qarz hamda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish sust ekan, yoshlar sanoat zonalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlashda kamchiliklar mavjudligi kabi muammolar tanqid qilindi va ushbu masalalar doimiy ravishda jamoatchilik nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi.

    Eslatib o‘tamiz, «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturi jami 273 banddan iborat bo‘lib, bu borada batafsil ma’lumot «Jamoatchilik.uz» platformasiga joylashtirilgan. Platformada Dastur ijrosi yuzasidan fikr-mulohazalar qoldirish imkoniyati yaratilgan.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.