Tadbir davomida Davlat dasturining 177 va 184 bandlari ijrosi boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va Moliya vazirligining masʼul rahbarlari bajarilgan ishlar yuzasidan keng jamoatchilikka axborot berdi.

Jumladan, Dasturning 177-bandiga muvofiq, respublika aholisini koronavirusga qarshi profilaktik emlash ishlarini tashkil etish;

184-bandga koʻra, aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish kabi vazifalarning ijro holati yuzasidan masʼullarning hisoboti tinglandi

Jamoatchilik eshituvi davomida koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayonlarining borishi, Oʻzbekistonga olib kelingan vaksinalar va ularga ajratilgan mablagʻlar toʻgʻrisida, shuningdek, vaksinatsiya jarayonlarida duch kelinayotgan muammolar haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

Shu bilan birga, bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, kafolatlangan paket necha turdagi tibbiy xizmatlar va dori vositalarini qamrab olishi, buning uchun qancha mablagʻ talab etilishi kabi savollarga javob olindi.

Tadbirda jamoatchilik vakillari tomonidan vaksinatsiya jarayonlarining sust kechayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda tibbiy muassasalarda ayrim hollarda dori vositalarining yetishmasligi boʻyicha aholi tomonidan chiqishlar boʻlayotgani qayd etildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Shuningdek, xabar orqali “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi jami 273 banddan iborat boʻlib, bu borada batafsil maʼlumot “Jamoatchilik.uz” platformasiga joylashtirilganligi maʼlum qilindi.