Davlat dasturi loyihasi jami 276 banddan iborat boʻlib, mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yilning 29-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida aks etgan asosiy gʻoya va takliflar hamda 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalar asosida ishlab chiqilgan.
Davlat dasturi loyihasini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazishdan asosiy maqsad – uni fuqarolar, xalqaro ekspertlar, tegishli vazirlik va idora mutaxassislari, biznes doira hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda yana-da takomillashtirishdan iborat.
Shu maqsadlarda joylarda jamoatchilik vakillari ishtirokida turli davra suhbatlari, bahs-munozaralar, ochiq muloqotlar oʻtkazib borilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 25-yanvar kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi koʻmagida “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi loyihasining oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirokidagi muhokamasiga bagʻishlangan onlayn-seminar oʻtkazildi.
Videokonferens-aloqa shaklidagi mazkur anjumanda respublikamizning barcha oliy taʼlim muassasalaridan 5000 nafardan ortiq talabalar va ustozlar ishtirok etishdi.

Onlayn seminarni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov kirish soʻzi ochib berib, 2021-yilgi davlat dasturi loyihasining muhim jihatlari, xususan, unda belgilanayotgan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan choralar, dastur loyihasini umumxalq muhokamasidan oʻtkazish jarayonidagi yangiliklar va maʼlumotlar haqida yigʻilganlarni batafsil tanishtirib oʻtdi hamda barchani muhokamalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Oʻz navbatida, Markaz ekspert-mutaxassislari beshta ustuvor yoʻnalishning har biri boʻyicha davlat dasturi loyihasida koʻzda tutilayotgan chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida taqdimotlar oʻtkazishdi.
Eʼtirof etilganidek, ayni vaqtga qadar davlat dasturi loyihasiga 2400 ga yaqin taklif-mulohazalar kelib tushgan boʻlib, ularning eng koʻpi, yaʼni 800 ga yaqini birinchi – Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyichadir. Shuningdek, toʻrtinchi – ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha 700 ga yaqin, uchinchi – iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha 400 dan ortiq, ikkinchi – Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yana-da isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha 300 ga yaqin, beshinchi – Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, shuningdek, vazmin, oʻzaro foydali va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha 100 dan ortiq takliflar kelib tushgan.
Yuqoridagilardan ham koʻrinib turibdiki, hamyurtlarimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar taqdiriga befarq emaslar. Ular davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etib, yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligini taʼminlash, yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida yana qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi xususida fikr-mulohazalarini, taklif-tavsiyalarini bildirishmoqda.
Onlayn-seminar yakunida oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari va talabalari ham bu jarayonlarda oʻz faolliklarini yana-da oshirishlari taʼkidlandi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati