Davlat dasturining 2022-yil I yarim yilligi yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi

    Mamlakatimizda 3 Avgust 2022 2538

    Joriy yil 2-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda navbatdagi yalpi majlisda koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

    Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, mutaxassis va ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Jumladan, majlis ishtirokchilari 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I yarim yilligi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini eshitdi.

    Senatorlar investitsiya muhitini takomillashtirishga, eksport va turizm salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan qator bandlar ijrosi holatini atroflicha oʻrgandi. Keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani, dasturda belgilangan koʻrsatkichlarga erishilayotgani taʼkidlandi.

    Shu bilan birga, Davlat dasturining amalga oshirish muddatlari uzaytirilgan ayrim bandlarini yakuniga yetkazish va tez orada bajarish muhimligi qayd etildi.

    Senatorlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tayyorlangan Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi Milliy maʼruzani ham koʻrib chiqdi.

    Muhokama doirasida korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashishga qaratilgan faol ishlar natijasida respublikada 2021-yilda korrupsiya faktlari boʻyicha 3769 ta jinoyat ishi sudlarga yuborilgan. Mazkur jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trln 282 mlrd soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Bu holat korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarni yashirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borish muhimligidan dalolat beradi. Korrupsiyaga qarshi qonunchilikni izchil takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borishga keng jamoatchilikni jalb qilish muhim ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlandi.

    Majlis yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.