Muhokama Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi tomonidan “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Turizm va sport vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining masʼul rahbarlari davlat dasturida belgilangan vazifalar doirasida amalga oshiriladigan ishlar va bu boradagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari yuzasidan keng jamoatchilikka axborot taqdim etdi.
Jumladan, davlat dasturining 103-bandga muvofiq investitsiyalardan samarali foydalanish hamda eksport hajmlarini oshirish sohasida “pastdan-yuqoriga” tamoyili asosida yangi tizimni yoʻlga qoʻyish,120-bandga koʻra tashqi bozor va xalqaro talablarga javob beradigan standartlarni joriy etish va mashhur brendlarni jalb etish hamda 175-bandga muvofiq toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini mamlakatning asosiy turizm shaharlarida keng joriy qilish, 359-bandga muvofiq Oʻzbekistonning Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi (YEI) institutlari bilan savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik shakllarini qoʻllab-quvvatlash va boshqa shu kabi vazifalarning mohiyati yuzasidan masʼullarning fikrlari tinglandi.
Muhokama davomida tashqi qarz hisobidan hamda davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalarni jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish, investitsiyalardan samarali foydalanish hamda eksport hajmlarini oshirish boʻyicha bajariladigan ishlar, hududlarda xalqaro talablarga javob beradigan standartlarni ishlab chiqishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan tamoyillar, jahon brendlarini jalb qilish, “toʻsiqsiz turizm” infratuzilmasini yaratish zarurati kabi masalalarda batafsil axborot berildi.
Tadbirda hududlarda Taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturida belgilangan vazifalar tegishli vazirlik va idoralar, ularning hududiy boʻlinmalari, mahalliy hokimliklar tomonidan toʻliq bajarilishi va mazkur topshiriqlar bajarilishi yuzasidan jamoatchilik eshituvlari va monitoring tadbirlarini muntazam ravishda tanqidiy yondashgan holda doimiy ravishda oʻtkazib borish jamoatchilik nazoratida boʻlishi zarurligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Eslatib oʻtamiz, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi 7 yoʻnalish va 100 ta maqsaddan, “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” davlat dasturi jami 398 banddan iborat boʻlib, bu borada batafsil maʼlumot “Jamoatchilik.uz” platformasiga joylashtirilgan. Platformada Taraqqiyot strategiyasi hamda dastur ijrosi yuzasidan fikr-mulohazalar qoldirish imkoniyati yaratilgan.