Farmonga koʻra, 2025-2026-yillarda davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasining doimiy hamkorligi asosida davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi joriy etiladi.
2026-yil 1-yanvardan:
- davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga koʻra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi;
- KPI natijalari Xodimlarning kasbiy kompetensiyalari rivojlanishini uzluksiz onlayn monitoring qilish tizimida yigʻiladi va tahlil qilinadi;
2025-yil 1-avgustdan respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlardagi lavozimlarning boshqaruv va yordamchi guruhlari uchun tanlovlar faqatgina Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali oʻtkaziladi.
Iqtidorli boshqaruvchilar va liderlarni, yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash boʻyicha “TOP-100” dasturi joriy etiladi.
Salohiyatli va istiqbolli rahbarlarning barqaror zaxirasini taʼminlash maqsadida Milliy kadrlar zaxirasi hamda Salohiyatli kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.
2025-yil 1-oktyabrdan davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona moduli orqali amalga oshiriladi.
2026-yil 1-yanvardan Davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi.
2025-yil 1-sentyabrdan davlat xizmatchilarining oʻz koʻnikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular oʻrtasida oʻzaro muloqotni kuchaytirish boʻyicha “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushiriladi.