Davlat granti asosidagi qabul kvotalari tasdiqlandi

    Ta'lim 20 Iyun 2023 3181

    2023-yil 15-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining F-31-sonli “2023/2024 oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi Farmoyishi qabul qilindi.

    2023/2024 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti boʻyicha tasdiqlanadi.

    Hujjat bilan 2023/2024 oʻquv yili uchun quyidagi qabul kvotalari tasdiqlandi:

    - bakalavrlar tayyorlash boʻyicha kunduzgi taʼlim shakliga — 34 860 nafar;

    - magistrlar tayyorlash boʻyicha — 8 923 nafar.

    Tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar hamda moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalari toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlarini 2023-yil 20-iyunga qadar tasdiqlaydi.

    Shu bilan birga, hujjatga asosan, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:

    - Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tavsiyanomasi mavjud oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qoʻshimcha 2 000 ta davlat granti ajratiladi;

    - respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash uchun 1 000 ta davlat granti ajratiladi;

    - davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy toʻlov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt miqdori Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 15-iyundan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.