Deputatlar majlisda «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 209¹-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda ayrim tashkilotlar, idoralar va fuqarolar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan formali kiyimlarga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash kiyimlardan foydalanish holatlari kuzatilmoqda. Shuningdek, ayrim tashkilotlar o‘z xodimlari uchun shunday kiyimlarni joriy etmoqda.
Bu holatlar fuqarolarni chalg‘itishi, davlat organlarining obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va ayrim shaxslarga o‘zini davlat organi xodimi sifatida tanishtirib, odamlar ishonchini suiiste’mol qilish imkonini berishi mumkin. Oqibatda haqiqiy davlat xizmatchisini boshqa shaxsdan ajratish qiyinlashadi.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat organlarining tasdiqlangan harbiy yoki idoraviy formali kiyimlariga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash, shuningdek, ularga xos farqlovchi belgilar va (yoki) ramzlarga ega kiyimlarni joriy etganlik yoki ulardan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Taklif etilayotgan normalar fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, davlat xizmati obro‘sini saqlash hamda formali kiyimlardan noqonuniy va g‘arazli maqsadlarda foydalanishning oldini olishga qaratilgan.
Qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida huquqni qo‘llash amaliyotida turli talqinlar yuzaga kelishining oldini olish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.