Davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligi reytingi eʼlon qilindi

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligi reytingini eʼlon qildi.

    Joriy yilda 2023-yil natijalari boʻyicha 95 ta davlat tashkilotining, jumladan 36 ta davlat tashkiloti ilk marotaba, qolgan 59 tasi esa takroran baholashdan oʻtkazilgan boʻlib, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 42 ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” – (81-100 ball), 38 ta tashkilot “qoniqarli” – (55-80 ball) va 15 ta tashkilot “qoniqarsiz” – (55 balldan past) toifalarga ajratildi.

    Natijalarining xolisligini taʼminlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat boʻlgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirilib, ular tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining baholash natijalari mustaqil va xolis koʻrib chiqildi va xulosalar taqdim qilindi.

    Tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmaganligi, jumladan faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlanmaganligi, ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va xaridlar jarayonida manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish va aniqlash bilan bogʻliq choralar amalga oshirilmaganligi, korrupsiya haqida xabar berish boʻyicha aloqa kanallarining yoʻlga qoʻyilmaganligi, ushbu yoʻnalishdagi hujjatlar ijro etilmaganligi, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etishga yetarlicha eʼtibor qaratilmaganligi tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz baholanishiga sabab boʻldi.

    Masalan, Surxondaryo va Andijon viloyat hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi ketma-ket ikki yil davomida “qoniqarsiz” baholandi. Andijon viloyat hokimligi tomonidan esa korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi shtat birligi xodim bilan jamlanmagan.

    Baholash natijalariga koʻra, “qoniqarli”deb topilgan davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha belgilangan choralar amalga oshirilgan boʻlsada, ayrim masalalarga eʼtiborsizlik bilan qaralgan. Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlar toʻgʻri baholanmaganligi natijasida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari manzilli ishlab chiqilmagan va ijrosi toʻgʻri tashkil etilmagan, xodimlarni korrupsiyaga qarshi oʻqitish va ularda murosasiz munosabatni shakllantirishda yetarli ishlar amalga oshirilmaganligi, belgilangan tadbirlar ijrosini nazorat qilish sohasida kamchiliklar mavjudligi kuzatildi.

    Baholash natijalariga koʻra “yaxshi” deb topilgan 42 ta davlat tashkiloti faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan. Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, natijalariga asosan manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ular samarali amalga oshirib kelingan. Shuningdek, manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish, monitoring va nazorat tadbirlarini amalga oshirish, turli tanlovlar jarayonida korrupsiya omilini istisno qilish, xodimlar va aholini korrupsiyaga qarshi murosasiz ruhda tarbiyalashga oid tizimli choralar koʻrilgan.

    Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida birinchi rahbarlarning irodasi namoyon qilinib, xodimlar va keng jamoatchilik bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli muloqot yoʻlga qoʻyilgan.