Toshkent shahrida yashovchi N.M. Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakiliga murojaat qilib, jizzaxlik fuqarodan 43,4 million soʻm qarzini undirib berishda yordam soʻradi. Fuqaroning maʼlum qilishicha, qarzdorning mashinasi boʻlishiga qaramay, davlat ijrochilari qarz undirishni paysalga solmoqda.

Murojaatchi ayolning yozishicha, 2021-yili turmush oʻrtogʻi vafot etgan va u hozir 3 nafar farzandning yagona boquvchisidir. Jizzaxlik fuqaro A.B. murojaatchining marhum turmush oʻrtogʻidan qarzdor boʻlgan. Fuqarolik ishlari boʻyicha Jizzax viloyati Paxtakor tumani sudining 2022-yil 12-fevraldagi zararni undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurostning Paxtakor tuman boʻlimiga 2022-yilning avgustida kelib tushgan. Lekin shu kunga qadar qarzdorlik undirilmagan.

Murojaatchi arizasida qayd etishicha, qarzdor A.B.ning “Cobalt”  rusumli avtomobili Paxtakor tumanida erkin harakatlanib yurgan bir paytda Paxtakor tumani MIB xodimlari sud qarorini ijro etish uchun borib, xolislar ishtirokida avtotransport vositasi yoʻqligi haqida dalolatnoma tuzib, undiruvchiga yuborish bilan cheklangan.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, holat Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan oʻrganildi. Aniqlanishicha, ijro hujjati boʻyicha qarzdorning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan, qarzdor nomida undiruvga qaratish mumkin boʻlgan “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi borligi aniqlangan va unga nisbatan onlayn taqiq qoʻyilgan.

Ushbu avtotransport vositasini topish boʻyicha davlat ijrochisi tomonidan koʻrilgan choralar natijasiz boʻlgani bois avtomashinaga nisbatan 2023-yil yanvar oyida qidiruv eʼlon qilingan va qaror ijro qilish uchun Jizzax viloyat IIB JXX YHXBga yuborilgan.

Jizzax viloyati prokuraturasining Ombudsmanga maʼlum qilishicha, murojaatni koʻrib chiqish davomida 2023-yil 29-mart kuni qarzdor hisobidan undiruvchi foydasiga 43,4 million soʻmdan 1,7 million soʻm undirilishi taʼminlangan. Hozir qolgan qarzni undirish boʻyicha ijro harakati olib borilmoqda.

Bundan tashqari, sud hujjati ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygani uchun davlat ijrochisiga nisbatan intizomiy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan.

Ushbu murojaat Ombudsman nazoratida. Ombudsman xodimlari murojaat egasi — 3 nafar farzandning yagona boquvchisi boʻlgan beva ayol bilan bogʻlanganida-aprel-may oylarida hech qanday qarzdorlik undirilmagani maʼlum boʻldi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman MIBning Jizzax viloyati Paxtakor tumani boʻlimi xodimlaridan qarzdorlikning qolgan qismi ham undirilishida sustkashlikka yoʻl qoʻymasliklarini soʻraydi, deyiladi Ombudsmanning axborot xizmati xabarida.