Qaror bilan 2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi va uni 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” hamda maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlanmoqda.
Strategiya xalqaro moliya institutlari, xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan jalb etilgan ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan boʻlib, bir qator meʼyorlarni oʻz ichiga oladi.
Jumladan:
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida” va “Xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunlari loyihasini ishlab chiqish;
– davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish mezonlarini (tabiiy monopoliya, strategik manfaat sohasida faoliyat yuritadigan va boshq.) belgilash, har yili ushbu mezonlardan kelib chiqib, “sot yoki tushuntir” tamoyili, yaʼni agar maʼlum bir korxonani davlatda ushlab turishning zarurati asoslab berilmasa sotishga majbur boʻladigan yangi amaliyot joriy etiladi;
– davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan tijorat va notijorat maqsadlarni belgilash, davlat ishtirokidagi korxonalar va nodavlat yuridik shaxslar uchun teng sharoit yaratish, jumladan barcha davlat unitar korxonalarini xoʻjalik jamiyatlariga aylantirish, davlatning mulkdor (aksiyador, ishtirokchi, muassis) va tartibga soluvchi funksiyalarini ajratish;
– boshqaruv organlari aʼzolarini bosqichma-bosqich tanlov asosida saylash, kuzatuv kengashi tarkibiga mustaqil aʼzolarni jalb etish, uning qoshida qoʻmitalar tashkil etish, taftish komissiyalari faoliyatini tugatish;
– korxonalar faoliyati natijadorligi va Strategiyani amalga oshirish toʻgʻrisidagi axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida eshitish amaliyotini joriy etish, korxonalarning veb-saytini yaratish va boshqalar.
– davlat ishtirokidagi korxonalarning ijro etuvchi organi va kuzatuv kengashi aʼzolari korporativ boshqaruv tamoyillari (aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi, kuzatuv kengashi va muassis qarorlari) asosida ular tomonidan mustaqil ravishda saylash (tayinlash);
– davlat ishtirokidagi korxonalarda kuzatuv kengashi, ichki audit xizmati, kuzatuv kengashi tarkibida audit qoʻmitasi tashkil etish;
– aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varagʻiga (listingga) kiritilgan va davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarida “muvofiqlik tizimi” (komplayens) xizmatini tashkil etish;
– davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining natijalari toʻgʻrisida yigʻma hisobot shakllantirish va 2022-yildan boshlab, har yili Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytiga joylashtirish.
Shu bilan birga, ijroiya organi va kuzatuv kengashi aʼzolari vakolatlarini bir yildan uch yilgacha uzaytirish hamda davlatning “oltin aksiya” maxsus huquqini bekor qilish koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Davaktiv agentligi faoliyatini zamonaviy yondashuv va uslublar asosida tashkil etishga koʻmaklashish uchun mahalliy va xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda Ekspert kengashini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Strategiyani amalga oshirish natijasida:
– davlat ishtirokidagi korxona kuzatuv kengashlari tarkibida mustaqil aʼzolar ulushi bosqichma-bosqich 30 foizga yetkazish;
– davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 75 foizga qisqartirish;
– 20 ta davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyalarini birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirish nazarda tutilgan.