Bosh vazir boshchiligida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati toʻliq oʻrganildi va iqtisodiyotda davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushini keskin qisqartirish va ularning faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Hujjat bilan:
1) transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xoʻjalik birlashmalari roʻyxati;
2) korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etiladigan, operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxati;
3) xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat aktivlari roʻyxati;
4) davlat aksiya paketlari (ulushlari) toʻligʻicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladigan korxonalar roʻyxati;
5) xususiy sektorga sotiladigan davlat koʻchmas mulki obyektlari roʻyxati ;
6) 4-ilovada koʻrsatilgan davlat aksiya paketlari (ulushlari) toʻligʻicha ommaviy savdolarga chiqarilishini samarali tashkil etish boʻyicha masʼul shaxslar roʻyxati;
7) Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasining yangilangan tarkibi tasdiqlandi.
Moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish departamenti tashkil etilmoqda. Uning asosiy vazifalari etib 1-ilovada koʻrsatilgan davlat ishtirokidagi korxonalarda quyidagilarni amalga oshirish belgilandi:
- Moliya vazirligi tomonidan davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) vakolatlari va funksiyalarini amalga oshirishni tashkil etish;
- 2021-yil 1-aprelga qadar - 2019-2020-yillar uchun moliyaviy hisobotlarni xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlari (IFRS) asosida tayyorlash hamda xalqaro kredit reytinglarini olish grafigini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish;
- 2021-yil 1-aprelga qadar - har bir korxona uchun nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlarini tanlov asosida jalb qilgan holda moliyaviy sogʻlomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda oʻrta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish;
- 2021-yil 1-iyulga qadar - xaridlar va boshqaruv tizimlarini auditdan oʻtkazish hamda “muvofiqlik tizimi” (komplayens) va korrupsiyaga qarshi xizmatlarni shakllantirishni nazarda tutadigan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish;
- 2021-yil 1-iyulga qadar - kuzatuv kengashlariga va korxonalar boshqaruviga xalqaro tanlov asosida chet ellik soha mutaxassislarini (jumladan, vatandoshlarni) faol jalb etish orqali kuzatuv kengashlari tarkibining kamida 30%ini va korxona boshqaruvining kamida 3 nafar rahbar xodimini malakali xalqaro mutaxassislar bilan toʻldirish.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga:
- 2020-yil 1-dekabrga qadar raqobat muhitiga taʼsir qiladigan imtiyoz va preferensiyalarni xatlovdan oʻtkazib, ularni bekor qilish boʻyicha qaror loyihasini Prezident Administratsiyasiga kiritish;
- 1 va 2-ilovalarda koʻrsatilgan korxonalarni transformatsiya qilish jarayonlari bilan birgalikda ular faoliyat yuritadigan sohada bozor munosabatlari tamoyillariga toʻliq oʻtish, raqobat muhitini shakllantirish hamda xususiy sektorni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish topshirildi.
Agar 4-ilovada koʻrsatilgan korxonalar sof aktivlarining davlat aksiya paketlari (ulushlari)ga nisbatan proporsional qiymati 100 mln soʻmdan oshmasa, ular istisno tariqasida, sof aktivlarining proporsional ulushiga teng yoki sof aktivlari ustav kapitalidan kam boʻlganda nominal qiymatda ommaviy savdolarga qoʻyib boriladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 1-noyabrdan boshlab mazkur 4 va 5-ilovalarda koʻrsatilgan korxonalar aksiya paketlari (ulushlari) va koʻchmas mulk obyektlarini ommaviy savdolarga chiqaradi.
Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasiga quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berildi:
- mazkur 4 va 5-ilovalarda koʻrsatilgan davlat aksiya paketlari (ulushlari), koʻchmas mulk obyektlari baholangan narxda ommaviy savdolarda 3 oy muddat davomida sotilmagan taqdirda, ularning boshlangʻich narxini Davlat aktivlarini boshqarish agentligining taklifiga asosan qayta belgilash;
- Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan sotilishi belgilangan davlat aktivlarini sotish shartlari va shakllarini belgilash;
- koʻchmas mulk obyektlari va kelgusida shakllanadigan davlat aksiya paketlari (ulushlari) hamda davlat korxonalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, ularni sotish shartlari, savdo turi va ommaviy savdolardagi boshlangʻich narxini belgilash.
4-ilovada koʻrsatilgan korxonalar:
a) davlat aksiya paketlari (ulushlari) bitta lot asosida savdoga chiqariladi;
b) ommaviy savdolarga chiqarilgan qiymati 100 mln soʻmdan oshmagan davlat aksiya paketlari (ulushlari) 3 oy davomida sotilmagan taqdirda,quyidagi tarzda qayta savdoga chiqariladi:
- .ulushlar - “1 soʻm” boshlangʻich narxda,
- aksiya paketlari - “1 ta aksiya - 1 soʻmdan bitta lot” tamoyili asosida .
Davlat obyektlarini “nol” xarid qiymatida sotish amaliyoti bekor qilinadi. Ular oʻz vakolati doirasida Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashiga, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari hamda Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasining qarorlariga asosan investitsiya hamda ijtimoiy majburiyatlar asosida “1 soʻm” boshlangʻich qiymatda ommaviy savdolarga chiqariladi.
Davlat unitar korxonalari xoʻjalik jamiyatlariga oʻzgartirilgan holda ularning davlat aksiya paketi (ulushi) sotiladi. 4-ilovada koʻrsatilgan korxonalarni xoʻjalik jamiyatlariga oʻzgartirishda ularning ustav kapitali xatlov va baholash oʻtkazmagan holda soliq organlariga topshirilgan oxirgi buxgalteriya balansi maʼlumotlari asosida sof aktivlari qiymatida, sof aktivlari manfiy boʻlgan taqdirda, korxona ustav kapitali miqdorida belgilanadi.
Davlat aktivlarini sotib oluvchilar toʻlovlarni qonunchilikda belgilangan tartibda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti asosida amalga oshirishi mumkin. Davlat ulushlarini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olish shartnomalari doirasida belgilangan grafikka asosan qisman toʻlovni amalga oshirgan xaridorlarga toʻliq toʻlovlar amalga oshirilgunga qadar ulush qiymatining toʻlangan qismiga mutanosib ravishda jamiyat boshqaruvida ishtirok etish va dividendlar olish huquqi asosida “tasarruf etish huquqisiz” egalik sertifikati beriladi. Davlat koʻchmas mulki obyektlarini sotib olish shartnomalari doirasida qisman toʻlovni amalga oshirgan xaridorlarga sotib olish toʻlovini toʻliq amalga oshirgunga qadar “tasarruf etish huquqisiz” davlat orderi beriladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2021-yil 1-fevralga qadar maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatiga tashqi boshqaruvni joriy etish hamda ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga TIV, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekistonning chet elda joylashgan davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish, shu jumladan ularni sotish, ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga berish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda “E-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasida oʻtadigan ommaviy savdolar jarayonlarining shaffofligini taʼminlash, subyektiv yondashuvlarni toʻliq istisno qilish va xaridorlarga qulaylik yaratish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlash topshirildi:
- 2021-yil 1-yanvarga qadar - “E-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan savdolar tartib-taomillarini birxillashtirish boʻyicha yagona tartibni tasdiqlash va uning asosida davlat organlari bilan oʻzaro integratsiya qilingan savdo maydonchasining takomillashtirilgan dasturiy taʼminotini ishga tushirish;
- 2021-yil 1-yanvardan boshlab - barcha auksion savdolari natijalarini QR-kodni qoʻllash orqali rasmiylashtirish;
- davlat koʻchmas mulki obyektlari va ulushlarini sotish boʻyicha takroriy auksion savdolarini har 10 kalendar kunda bir marotaba davriylikda amalga oshirish;
- xaridorlarning takliflarini auksionda lotlar eʼlon qilingan paytdan boshlab qabul qilish;
- davlat aktivlarini sotish shartlariga muvofiq boʻlgan buyurtmanoma faqat bir nafar talabgor tomonidan berilgan boʻlsa, ushbu yagona ishtirokchi bilan oldi-sotdi shartnomasini tuzish, bundan “1 soʻm” boshlangʻich narxda savdoga chiqarilgan davlat ulushi va koʻchmas mulk obyektlari mustasno.
Elmira Siraziyeva