Unga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan boshlab Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga maxsus portal orqali menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy qilinadi.
2025-yil 1-sentyabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan tashkilot direktoriga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik 30 foiz qoʻshimcha ustamalar toʻlanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari tomonidan menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan nomzodlar orasidan tashkilot direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi. Bunda tashkilot direktori vakant lavozimlariga nomzodlar faqat sertifikati mavjud boʻlgan nomzodlar zaxirasiga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi.
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari direktori lavozimiga nomzodlar uchun tarbiya jarayonlarini samarali boshqarish boʻyicha kontent materiallarini ishlab chiqishda koʻmaklashadi.
Ushbu qaror bilan Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutining tuzilmasi ham tasdiqlandi.