O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 359-moddasi hamda 0069-24-son SanQvaN talablariga muvofiq, yilning issiq davrida ochiq hududlarda havo haroratining 36°C va undan yuqori bo‘lishi o‘ta xavfli (ekstremal) mehnat sharoiti hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, Davlat mehnat inspeksiyasi quyidagi talablarga qat’iy rioya etilishini talab qiladi:

10:00–17:00 oralig‘ida ochiq hududlarda hasharlar, ommaviy mehnat tadbirlari va boshqa jamoaviy ishlarni o‘tkazmaslik.

Zarur ishlarni imkon qadar ertalab soat 10:00 gacha yoki kechki 17:00 dan keyin salqin vaqtlarda tashkil etish.

Kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarda:

mehnat va dam olishning maxsus rejimini joriy etish;

ish vaqtini qisqartirish;

xodimlarni soyali dam olish joylari, ichimlik suvi, shaxsiy himoya vositalari va birinchi tibbiy yordam vositalari bilan ta’minlash.

Yuqori harorat sharoitida ishlayotgan xodimlarning sog‘lig‘i ustidan doimiy nazorat o‘rnatish, ahvoli yomonlashgan taqdirda ularni darhol ishdan ozod qilish hamda zarur tibbiy yordam ko‘rsatish.

Eslatma: Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish hamda xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi mehnat sharoitlarini yuzaga keltirish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.