“Davlat mulki obyektlari bilan savdolarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish portali” yaratiladi

    Raqamlashtirish 29 Mart 2023 2208

    “Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–101-son, 24.03.2023-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2023-yil 1-maydan:

    • respublika mulki boʻlgan davlat koʻchmas mulklari va davlat aksiya paketlari (ulushlari) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkaziladi, bundan Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli ulushlar hamda Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
    • davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bilan bogʻliq taʼsis hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirishlar Davaktiv agentligining tegishli buyrugʻi mavjud boʻlganda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi;
    • davlat koʻchmas mulk obyekti va boʻsh yer uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bitim tuzilgach 10 kun muddatda “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritiladi;
    • vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat koʻchmas mulki negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ularni begonalashtirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandumlar) boʻyicha majburiy tartibda Agentlik xulosasi olinadi.

    2023-yil 1-iyuldan:

    • davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning oʻrinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
    • davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar maʼmuriy binolaridan xodimlar uchun belgilangan meʼyordan kelib chiqib, samarali foydalanish tartibi joriy etiladi.

    Shuningdek, davlat aktivlari, ularni boshqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilishning quyidagi yangi tizimi joriy qilinadi:

    - davlat koʻchmas mulk obyektlari, davlat ulushi, davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari hamda ularga tegishli avtotransport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Agentlik rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida eʼlon qilinadi.

    2023-yil 1-oktyabrgacha “Davlat mulki obyektlari bilan savdolarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish portali” yaratiladi, unda barcha davlat mulki obyektlarini savdoga chiqarish va uning natijalari toʻgʻrisidagi axborotlar joylashtiriladi hamda ushbu tizim soliq organlarining axborot tizimiga integratsiya qilinadi.