Muhokamada senatorlar bugungi kunda davlat mulkini boshqarish boʻyicha yagona Qonun mavjud emasligini, ushbu sohani tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlarida davlat mulkiga egalik qilish, jumladan qaysi mulklarni davlatda saqlab qolish, qaysilarini xususiylashtirish boʻyicha aniq mezonlar belgilanmaganligini taʼkidladi.

Shuningdek, respublikada 25 mingga yaqin davlat muassasasi va 2 mingdan ortiq davlat ishtirokidagi korxonalar mavjudligi, iqtisodiyotda davlatning ishtiroki yuqoriligi, jumladan, respublikada faoliyat koʻrsatayotgan 2 113 ta korxona 70 dan ortiq vazirlik va idoralar tomonidan boshqarib kelinayotganligi qayd etildi.

Yangi Qonun bilan davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlar tartibga solinyapti.

Mahalliy davlat hokimiyati organlariga munitsipal mulklarni belgilangan mezonlar doirasida sotish, ijaraga va ishonchli boshqaruvga berish vakolati Qonun bilan belgilab berilyapti.

Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etishning asosiy yoʻnalishlari, davlat mulkidan foydalanish samaradorligini baholash mexanizmini joriy etishda davlat mulkini boshqarish subyektlarining, yaʼni Vazirlar Mahkamasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, davlat organlari va hokimliklarning vakolatlari belgilanyapti.

Shuningdek, davlat mulkini boshqarishda hisobdorlik, shaffoflik va maʼlumotlarni oshkor qilish talablari oʻrnatilyapti.

Ushbu Qonunni qabul qilinishi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga, davlat mulkini boshqarish sohasini yanada takomillashtirishga hamda bu sohada Hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlarining masʼuliyatini hamda vakolatlarini aniq belgilashga, davlat mulkini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.