Davlat organi va tashkilotlarining 2024-yildagi korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi baholandi

    Bu yil 103 ta davlat tashkilotining 2024-yildagi faoliyati 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholashdan oʻtkazildi. Shundan 14 ta davlat tashkiloti ilk marotaba, qolgan 89 tasi esa takroran baholandi.

    Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov maʼlum qildi.

    Unga koʻra, davlat tashkilotlari faoliyating samaradorligi quyidagi toifalarga ajratildi:

    • 41 tasi “yaxshi” – (81-100 ball);
    • 53 tasi “qoniqarli” – (55-80 ball);
    • 9 tasi “qoniqarsiz” – (55 balldan past).

    Tahlillar koʻrsatishicha, bu yil reyting natijalari oʻrtacha 73,8 ballni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 4,9 ballga (95 ta davlat tashkiloti tomonidan oʻrtacha 68,9 ball), 2022-yilga nisbatan esa 14,3 ballga (62 ta davlat tashkiloti tomonidan 59,5 ball) oshgan.

    Shuningdek, ijobiy natijani qayd etgan davlat tashkilotlarida oʻtgan davr mobaynida korrupsiyaga oid jinoyatlar soni kamayishiga erishilgan.

    2023-yilgi reyting baholashda “qoniqarsiz” deb topilgan 13 ta davlat tashkiloti faoliyatida oʻsish kuzatildi.

    Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yilga nisbatan Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida korrupsiyaviy jinoyatlar soni 71,4 foizga, Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida 47,8 foizga, hokimliklarda 43,2 foizga, tijorat banklarida 31,9 foizga, Adliya vazirligi tizimida 21,9 foizga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida 8,3 foizga kamaygan.

    2023-yilgi reyting baholashda “qoniqarsiz” deb topilgan 13 ta davlat tashkiloti faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Agentlik bilan hamkorlikda amalga oshirilgan manzilli chora-tadbirlar natijasida ularning faoliyatida ham ijobiy oʻsish kuzatildi.

    Oʻtgan yilgi reyting baholashda “qoniqarsiz” deb topilgan va bu yilgi faoliyatida oʻsish kuzatilgan davlat tashkilotlari:

    • Yoshlar ishlari agentligi – 85 ball (2023- yilda – 10 ball);
    • “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasi AJ – 83 ball (28 ball);
    • Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi – 82 ball (50 ball);
    • Madaniy meros agentligi – 82 ball (22 ball) ;
    • Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi – 78 ball (5 ball);
    • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi – 72 ball (18 ball) bilan ijobiy natijaga erishdi.

    Shuningdek, “Oʻzbekkoʻmir” AJ (48 ball) oʻtgan yili ijobiy natija (2023-yilda – 60 ball) qayd etgan boʻlsa, joriy yil “qoniqarsiz” toifadan joy oldi.

    Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyati 9 ball bilan (2023-yilda – 16 ball) ketma-ket ikki yil davomida “qoniqarsiz” deb baholandi.

    Eng yuqori natija “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (96 ball), Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi (95 ball), Markaziy bank (94 ball), Soliq qoʻmitasi, (92 ball), “Oʻzbekneftgaz” va “Uzbekistan Airports” AJlari (92 ball), Raqamli texnologiyalar va Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirliklari (91 ball) tomonidan qayd etildi.