Davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid audit oʼtkaziladi

    Qonun (OʼRQ–809, 15.12.2022 y.) bilan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʼgʼrisida”gi Qonunga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritildi.

    Qonunga quyidagi yangi tushunchalar kiritildi:

    - genderga oid audit – davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʼgʼrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi holatini, shuningdek genderga doir kompleks yondashuvni oʼrganish va baholash;

    - genderga doir kompleks yondashuv – davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʼz faoliyatini, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishni xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʼgʼrisidagi qonunchilikka muvofiq tashkil etish;

    Genderga oid auditning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

    - davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbatini oʼrganish;

    - davlat organlari va tashkilotlari oʼz faoliyatini genderga doir kompleks yondashuv asosida tashkil etganligi holatini oʼrganish;

    - xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi qonunchilikning ijro etilish holatini baholash;

    - xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʼyicha takliflar ishlab chiqish.

    Genderga oid audit tasdiqlangan uch yillik rejaga asosan Oʼzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida oʼtkaziladi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.