Davlat organlarining boʻsh turgan koʻchmas mulk obyektlari majburan savdoga chiqariladi

    Mamlakatimizda 21 Dekabr 2022 918

    Nizom bilan uch oydan ortiq muddat davomida foydalanilmasdan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibini belgilanmoqda.

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining “Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq imzolandi (19.12.2022-yilda roʻyxatdan oʻtgan, roʻyxat raqami 3403).

    Nizom bilan vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga (davlat organlari) tegishli boʻlgan, uch oydan ortiq muddat davomida foydalanilmasdan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini (bundan ijtimoiy soha obyektlari mustasno) ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibini belgilanmoqda.

    Agentlik huzuridagi Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining hududiy boshqarmalari (Markaz) boʻsh turgan obyektni aniqlaganda “Davlat mulki” axborot tizimiga maʼlumotlarni kiritidi va uch kun ichida davlat organiga boʻsh turgan obyektdan samarali foydalanish uchun uch oy muddat berilganligi va bu haqda Markazni xabardor qilish lozimligi toʻgʻrisida ogohlantirish yuboradi.

    Ogohlantirishda koʻrsatilgan muddat oʻtganidan soʻng Markaz ikki kun ichida obyektni koʻzdan kechirib oʻrganadi va uni ijara berish yoki sotish lozimligi toʻgʻrisida xulosa berib, axborot tizimiga kiritadi.

    Maʼlumotlar axborot tizimiga kiritilgandan soʻng ikki kun ichida Markaz obyektning foydalanish sohasi, boshlangʻich narxi va ijaraga berilganda ijara muddatini koʻrsatgan holda obyektni “E-auksion” platformasida onlayn-auksionga chiqaradi

    Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 19.12.2022-yildan kuchga kirdi.