Qarorga muvofiq 2025-yil 1-maydan:
- — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish boʻyicha faoliyati Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan baholab boriladi;
- — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻlinmalari rahbarlari ushbu qaror talablari asosida Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyadan oʻtkaziladi.
Qaror bilan “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻlinmalari toʻgʻrisida”gi Namunaviy Nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻlinmalarining vazifalari va funksiyalari, faoliyatini tashkil etish tartibini hamda ularga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
Boʻlinma rahbari lavozimiga, qoida tariqasida, oliy maʼlumotga ega boʻlgan, kamida 2-yil mehnat stajiga ega, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni oʻzlashtirgan, inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish hamda axborot xavfsizligi va shaxsga doir maʼlumotlar bilan ishlash boʻyicha bilimlarga ega boʻlgan shaxslar tayinlanadi.