Bu uy yurtimizdagi obod hovlilardan biri. 10 sotix tomorqada mevali va manzarali daraxtlar, sabzavotlar ekilgan. 30 bosh naslli kurka boqilib, bir yilda 25 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad olinmoqda.
Davlatimiz rahbari bu sa’y-harakatlarni ma’qullab, mana shunday obod xonadonlar ko‘payishi kerakligini ta’kidladi.
- Hududlarda yurishim, har kungi harakatlarimdan maqsad - odamlarni rozi qilish, aholi jon boshiga daromadni ko‘paytirish. Ilgari chetga xomashyo sotardik. Hozir hammasini mamlakatimizda qayta ishlab, tayyor mahsulot chiqarayapmiz. Korxonalar ochilayapti, yoshlarimiz, xotin-qizlarimiz ishli bo‘layapti. Bundaylar ko‘payishi, buning uchun rivojlanish mahallada bo‘lishi kerak. Mahalla yaxshi bo‘lsa, davlat kuchli bo‘ladi. Yoshlarni bilimli, aqlli qilib tarbiyalasak, o‘z yo‘lini, ishini topadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yurtimizga tinchlik, farovonlik tilab, duo qilindi.