Davlat rahbarlari sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi

    Hukumat 12 Mart 2021 2839

    Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Toshkent shahridagi texnoparkka tashrif buyurdi.

    Ushbu zamonaviy majmua davlatimiz rahbarining 2019-yil 1-maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yana-da rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Bu yerda umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

    Qirgʻiziston Prezidentiga texnoparkdagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar - maishiy texnikalar, elektron gaz hisoblagichlar, liftlar, suv nasoslari, sanoat konditsionerlari va sovitish tarmoqlari haqida maʼlumot berildi.

    Davlat rahbarlari Oʻzbekistonning sanoat, qishloq xoʻjaligi va hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi. Koʻrgazmaga 24 ta tarmoq va 14 hududda ishlab chiqarilayotgan mingdan ortiq mahsulotlar qoʻyilgan.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirgʻizistonda ham kerakli salohiyat borligi, uni yuzaga chiqarish uchun Oʻzbekiston kooperatsiyalar tashkil etish va tajriba almashishga tayyor ekanini taʼkidladi. Tarmoq rahbarlariga Qirgʻizistondagi turdosh muassasalar bilan yaqindan ishlab, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

    Oʻzbekiston xalqi nomidan Qirgʻiziston xalqiga yurtimizda ishlab chiqarilayotgan tez tibbiy yordam mashinalari sovgʻa qilindi. Sadir Japarov qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari, doimiy koʻmagi va qoʻllab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirdi.

    Mamlakatimizning sanoat salohiyati, mahsulotlarning keng assortimenti va sifati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.