Davlat shifoxonalaridagi pullik xizmatlar qimmatlashmaydi, aksincha kamida 5 foiz arzonlashdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “davlat shifoxonalaridagi pullik xizmatlar 4,8 karraga qimmatlashadi” qabilidagi maʼlumotlar tarqatilmoqda.

    Mazkur masalaga Iqtisodiyot va moliya vazirligi izoh berdi.

    Qayd etilishicha, 2025-yil 27-yanvarda Adliya vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining “Pullik tibbiy xizmat koʻrsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori roʻyxatdan oʻtkazilgan.

    Mazkur qarorning 8-bandida “Tibbiy xizmatga toʻlovning eng koʻp qiymati davolash-profilaktika muassasasi tomonidan budjet mablagʻlari hisobiga koʻrsatilayotgan aynan shunday xizmatlar qiymatining 25 foizidan ortiq boʻlishi mumkin emas”ligi belgilangan.

    Biroq, mazkur qaror qabul qilinganidan soʻng uning 8-bandidagi meʼyorning turlicha talqin qilinishi oqibatida baʼzi tushunmovchiliklar kelib chiqdi. Jumladan, “shunday xizmatlar qiymatining 25 foizi nazarda tutilganmi yoki 125 foizimi” degan savollar yuzaga keldi. Sodda qilib aytganda, «tibbiyot muassasalarida 100 ming soʻmlik tibbiy xizmat 25 ming soʻmga yoki 125 ming soʻmga koʻrsatiladimi», degan mazmunda murojaatlar paydo boʻldi.

    Yuzaga kelgan tushunmovchilikni bartaraf etish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining “Pullik tibbiy xizmat koʻrsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibi 8-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida” qoʻshma qarori qabul qilinib, Adliya vazirligi tomonidan 2025-yilning 7-may kuni roʻyxatdan oʻtkazildi.

    Bu orqali tartib amaldagi normativ hujjatga muvofiqlashtirildi hamda pullik tibbiy xizmatlar narxlarining yuqori chegarasi aniq belgilandi. Xususan, aholiga pullik asosda koʻrsatilgan tibbiy xizmat narxini belgilashda tegishli xizmat tannarxiga 20 foizgacha ustama qoʻllash mumkinligi qatʼiy belgilandi.

    Yaʼni, endilikda tannarxi 100 ming soʻm boʻlgan tibbiy xizmatning pullik xizmat narxi 120 ming soʻmdan ortiq boʻlishi mumkin emasligi qayd etildi.

    Shu kungacha esa tibbiyot muassasalarida aholiga pullik asosda koʻrsatiladigan tibbiy xizmat narxini shakllantirish uning tannarxiga 25 foizgacha ustama qoʻllash orqali amalga oshirilgan. Yaʼni, tannarxi 100 ming soʻm boʻlgan tibbiy xizmatning pullik narxini 125 ming soʻmgacha belgilash mumkin boʻlgan.

    Lekin ijtimoiy tarmoqlarda mazkur yangilik “davlat shifoxonalaridagi pullik xizmatlar qimmatlashadi”, deb notoʻgʻri talqin qilinmoqda.

    Aslida Adliya vazirligi tomonidan 2025-yilning 7-may kuni roʻyxatdan oʻtkazilgan qaror bilan tibbiyot muassasalari tomonidan koʻrsatiladigan pullik xizmat narxi kamaytirildi. Yaʼni, davlat shifoxonalaridagi pullik xizmatlar uchun toʻlovlar kamida 5 foiz arzonlashdi.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, internet nashrlari va blogerlarni qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni talqin qilishda chalgʻituvchi maʼlumotlarni tarqatmaslikka, yuzaga kelayotgan savollarni aniqlashtirishda rasmiy idoralarga murojaat qilishga chaqiramiz.