SHu boisdan sportni yoshlar hayotining ajralmas bir qismiga, ta'bir joiz bo'lsa, mazmuniga aylantirish - davlatimiz siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biridir. Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan besh tashabbusning biri aynan yoshlarni sportga oshno etish va ularni rag'batlantirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.
Ana shu ezgu tashabbuslarga hamohang qadam tashlayotgan qahramonimiz Ulug'bek Qo'chqarov 2014 yildan buyon Namangan muhandislik texnologiya institutining jismoniy tarbiya fani katta o'qituvchisi vazifasida ishlab kelmoqda.

Oliygoh sport sohasiga ixtisoslashmagan. Biroq talabalar darslardan so'ng sport bilan shug'ullanishadi. Sportning yakka kurash, boks, muaytay va kurash turlari bo'yicha mashg'ulotlarni Ulug'bek olib boradi. Uning mehnatlari besamar ketmayapti. So'nggi olti yil ichida institut talabalari orasidan saksondan ziyod O'zbekiston chempionati sovrindorlari etishib chiqdi. O'ttizdan ziyod O'zbekiston chempionlari, muaytay bo'yicha 4 nafar Osiyo chempionati sovrindori, o'nlab muaytay bo'yicha sport ustalarining borligi esa fikrimizni yanada yaqqolroq ifodalabgina qolmay, Ulug'bekning o'z ishiga naqadar sidqidil yondashishidan dalolat beradi.

- Murabbiyimiz Ulug'bek Lochinbekovichga har jihatdan havas qilamiz, - deydi institutning 2-bosqich talabasi Dostonbek Saydullaev. - CHunki ustozimiz samimiylik, mardlik, halollik kabi yuksak insoniy fazilatlar egasi. Intizomni, to'g'rilikni yoqtiradi. Men shu kungacha qo'lga kiritgan muvaffaqiyatlarimda Ulug'bek akaning hissasi katta ekanini doim qalban his etaman. Ayni paytda muaytay bo'yicha sport ustasiman, ikki karra O'zbekiston chempioni va Osiyo kubogi sovrindori bo'ldim.

Ulug'bekning shogirdlari orasida Dostonbek kabi umidli sportchilar juda ko'p. Dilnoza Tojiddinova - ulardan biri. Dilnoza institutning eSMT fakul`teti 1-bosqich talabasi. U ikki karra O'zbekiston chempioni bo'ldi. 

SHu kunlarda 2002-2003 yillarda tug'ilgan o'smirlar o'rtasida oliy o'quv yurtiga imtihonlarsiz kirish huquqini beradigan musobaqa bo'lib o'tishi lozim edi. Lekin karantin sabab qoldirildi. 18 yoshdan kattalar o'rtasida Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan O'zbekiston chempionati ham shu sababdan o'tkazilmay turibdi. Karantindan so'ng o'tadigan ushbu musobaqalarga Ulug'bekning shogirdlari indivitdual tarzda jiddiy tayyorlanishyapti.

Darvoqe, karantindan so'ng Tailandning Bangkok shahrida bo'lib o'tadigan jahon chempionatida instiitutning to'rt nafar talabasi ham ishtirok etadi. Ular orasida qizlar ham bor. 
- Sportni tanlagan yigit-qiz hayot yo'lida aslo adashmaydi, - deydi Ulug'bek Qo'chqarov. - CHunki sport, uning qaysi turi bo'lishidan qat'iy nazar, insonni sabr-bardoshli, qat'iyatli, faqat oldinga intiluvchan etib tarbiyalaydi, hayot sinovlariga toblaydi. Meni yoshlarning azmu shijoati quvontiradi. Ularning ahdida mustahkam yigit-qizlar ekanligi nafaqat egallayotgan sohalari, balki sportda ham yutuqlarga zamin yaratmoqda.

Sanjarbek HAMIDOV.