Unda Davlat statistika qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mahmudjon Ziyadullayev, Yuqori Chirchiq tumani hokimi Uskenbay Atemov, qoʻmita, hokimlik hamda Toshkent viloyat statistika boshqarmasi masʼul xodimlari, mahalla faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, aholini roʻyxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng koʻlamli tadbir boʻlib, aholi toʻgʻrisidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Aholini roʻyxatga olishda har bir fuqaroning maʼlumotlari muhim ahamiyatga ega boʻlib, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, maʼlumoti, uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi, bandligi, daromad manbalari kabi koʻrsatkichlar boʻyicha batafsil maʼlumot toʻplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish tadbiri 2023- yilning 1–25-noyabr kunlari oʻtkaziladi. Shuningdek, aholini roʻyxatga olish jarayoni va barcha meʼyoriy hujjatlarni sinovdan oʻtkazish maqsadida 2021-yilning 1–25-noyabr kunlari Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazilishi belgilandi, deb xabar beradi Davlat statistika qoʻmitasi matbuot xizmati.