Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda statistika maʼlumotlarining sifati, xolisligi va ishonchliligini oshirish, davlat statistika organlarining mustaqilligini taʼminlash, statistika koʻrsatkichlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik sohalarda statistikaning zamonaviy usullarini keng joriy etish, milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2021-yil 11-avgustda “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonun va boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilarining statistika uslubiyatlarini xalqaro tavsiyalarga muvofiqligi yuzasidan 2021-yilda Bandlik va mehnat munosabatlari, Sogʻliqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat bojxona qoʻmitasi hamda Markaziy bankning rasmiy statistika sohasidagi statistika uslubiyatlari auditdan oʻtkazilgan.
Audit natijalariga koʻra, statistika uslubiyatlarida xalqaro tavsiyalarga nomuvofiqlik aniqlanganligi sababli Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklariga taqdimnomalar kiritilgan. Shu bilan birga, bir qator davlat organlari va mahalliy hokimliklar tomonidan Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar oʻz vaqtida eʼlon qilinmagan.
Xususan, 2022-yil 8-iyun holatiga koʻra, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi – 20 tadan 16 ta, “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ – 16 tadan 14 ta, “Qishloq qurilish bank” ATB – 14 tadan 5 ta, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi – 8 tadan 5 ta, Andijon viloyati hokimligi – 27 tadan 23 ta, Jizzax viloyati hokimligi – 27 tadan 10 ta ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini portalga joylashtirmagan.
Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari tomonidan portalga eʼlon qilinishi lozim boʻlgan 27 ta maʼlumotlarning birontasi joylashtirilmagan. Bundan tashqari, majlisda Davlat statistika qoʻmitasi rasmiy veb-saytining “Rasmiy statistika” boʻlimiga joylashtirilishi belgilangan statistik maʼlumotlarning “Rasmiy statistika taqvimi”da belgilangan roʻyxat va muddatlarda joylashtirish hamda boshqa bir qator kamchiliklar mavjud ekanligi qayd etildi. Majlisda qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.











