Oʻzbekiston Respublikasi IIV JQBB KvaIJQKB xabar berishicha, joriy yil 2-mart kuni Toshkent shahar IIBBga MCHJ rahbari ariza bilan murojaat qilgan.
Arizada u rahbarlik qilayotgan firma haqida Statistika qoʻmitasining elektron hisoblariga rekvizitlar xatolik bilan kiritilgani sababli Davlat statistika qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasiga murojaat qilgani, boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlaridan biri firmaning STIR raqamlarini toʻgʻrilab, elektron oʻzgartirish kiritish uchun 200 AQSH dollari berishini talab qilayotganini maʼlum qilgan.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni Toshkent shahar IIBB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Davlat statistika qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosarlaridan biri ariza muallifidan 200 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qoʻlga tushdi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi TB tomonidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.