Davlat taʼlim standartlarini ishlab chiqish tartibi takomillashtiriladi

    2024-yil 27-martda Vazirlar Mahkamasining VMQ-157-sonli “Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi:

    - davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarining maqsadi, vazifalari va prinsiplari;

    - davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish uchun qoʻyiladigan talablar hamda taʼlimning standartlashtiriladigan turlari;

    - davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini, malaka talablari, namunaviy (tayanch) oʻquv reja va dasturlari loyihalarini ishlab chiqish, tasdiqlash va joriy etish tartibi.

    Davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari, oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqishda quyidagilar inobatga olinadi:

    - tegishli taʼlim bosqichi yakunida taʼlim oluvchilarda shakllanishi lozim boʻlgan kompetensiyalarni davlat, jamiyat va mehnat bozori talablarini inobatga olgan holda belgilash;

    - taʼlim turlari uzluksizligi va uzviyligini taʼminlash, maqsad va vazifalarni taʼlim natijadorligiga yoʻnaltirish;

    - taʼlim oluvchilarda atrof muhitni asrab-avaylash va muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish masʼuliyatini shakllantirish.

    Taʼlim natijalarining xalqaro miqyosda tan olinishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida mavjud taʼlim turlari YUNESKOning “Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi” darajalari bilan muvofiqlashtiriladi.

    2024-yil 1-avgustga qadar Taʼlim sohasida islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyidagilarni nazarda tutuvchi «dts.uz» — Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarining yagona ochiq muhokama portalini ishga tushirish rejalashtirilyapti.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 28-martdan kuchga kirdi, deb xabar beradi «Norma».