Davlat tashkilotlaridagi kadrlar bilan ishlash boʻlinmalariga tayinlovlar amalga oshirildi

    Mamlakatimizda 25 Sentabr 2020 2162

    Shomurod Sattarov Yoshlar ishlari agentligining Inson resurslarini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi etib tayinlandi.

    Shomurod Sattarov Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan. 2009-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2010-yilda Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasida katta maslahatchi lavozimida boshlagan. Keyinchalik viloyat hokimligi kotibiyati mudiri, “Kamolot” YOIH viloyat kengashi raisi boʻlib ishlagan. 2017-2019-yillar davomida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi raisi lavozimida samarali mehnat qilgan. Shomurod Sattarov 2019-yil iyul oyidan buyon Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi oʻrinbosari — tashkiliy-kadrlar kompleksi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

    Zebo Raupova Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Inson resurslarini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi etib tayinlandi.

    Zebo Raupova Toshkent shahrida tugʻilgan. 2017-yilda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2006-yilda Davlat bolalar kutubxonasi kutubxonachi lavozimida boshlagan. 2007-2017-yillar davomida madaniyat va sanʼat sohasidagi tashkilotlarda turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatgan. Z.Raupova 2017-yil avgust oyidan buyon “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasining kadrlar boʻyicha inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

    Umida Yuldasheva Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Kadrlar boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi.

    Umida Yuldasheva Toshkent shahrida tugʻilgan. 2008-yilda Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1996-yilda Toshkent shahar ijtimoiy taʼminot nazoratchisi lavozimida boshlagan. Keyinchalik Toshkent shahar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi kadrlar boʻyicha inspektori, Maktabgacha taʼlim vazirligi Rahbar va pedagog kadrlarning sifatini taʼminlash va ularning malakasini oshirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari boʻlib ishlagan. 2018-2020-yillar davomida Maktabgacha taʼlim vazirligi Kadrlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari lavozimida samarali mehnat qilgan. Umida Yuldasheva 2020-yil iyun oyidan buyon Maktabgacha taʼlim vazirligi Kadrlar boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

    Mazkur tayinlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xulosasiga koʻra amalga oshirildi.