Davlat test markazi rasmiy bayonot bilan chiqdi

    Ta'lim 15 Sentabr 2020 6072

    Davlat test markazi kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan “Oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun oʻtkazilayotgan test sinovlarining dastlabki yakunlari va tahlili” mavzusidagi matbuot anjumanidan soʻng ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi holatlar bir oz notoʻgʻri talqin qilinayotgani bois bayonot bilan chiqdi.

    Davlat test markazi mazkur holatlar bo'yicha quyidagilarni ma'lum qiladi.

    1. Test natijalari xato hisoblanmagan.

    Matbuot anjumanida test natijalari qayta tekshirilishi aytib o‘tildi. Lekin bu yerda test natijalari xato hisoblangan, shuning uchun test natijalari qayta tekshiriladi deb aytilmagan.

    Davlat test markazida har doim test natijalarini bir necha bora tekshiriladi. Joriy yilda ham test natijalari qayta ko‘rib chiqiladi va bu mandatgacha bajariladi. Bu albatta test natijalarini to‘g‘ri tekshirilganiga to‘liq ishonch hosil qilish, qandaydir xatoliklar o‘tib ketmaganligini tekshirish, umuman olganda test natijalarini tahlil qilish uchun amalga oshiriladi.

    2. Ayrim abituriyentlarning test natijalarini e’lon qilishdagi xatolik tuzatilgan.

    11-sentabr kuni test sinovlari natijalarini e’lon qilishda texnik xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Test natijalaridagi texnik xatolik Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qo‘qon shahrida 10-sentabr kuni 1-smenada o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etgan ayrim abituriyentlarda yuzaga kelgan.

    Hozirda mazkur texnik xatolik tuzatilib, test natijalari xato e’lon qilingan abituriyentlarning natijalari yangilangan. Mazkur abituriyentlarlar shaxsiy kabinetlari orqali yangilangan test natijalarini qayta ko‘rishlari mumkin.

    3. Javoblar varaqasidagi chang test natijalarini xato hisoblanishiga olib kelmagan.

    Test sinovlari ochiq maydonlarda o‘tkazilgani sababli javoblar varaqasida chang to‘plangan. Bu holat natijalar hisoblanishi ko‘proq vaqt talab etilishiga sabab bo‘lgan. Chunki ma’lum miqdordagi javoblar varaqasini skaner qilgandan so‘ng, skaner qurilmalarini changdan tozalash zaruriyati yuzaga kelgan. Bu albatta natijalar kunning oxirida e’lon qilinishiga sabab bo‘lgan.

    4. Abituriyentlardan qayta test olinmaydi.

    2-sentabrdan 13-sentabrgacha bo‘lib o‘tgan test sinovlarida 90 nafar abituriyent tana harorati 37⁰ C dan yuqori bo‘lganligi sababli dalolatnoma tuzilib, test sinovlariga kiritilmadi. Bu albatta, boshqa test topshiruvchi abituriyentlar va guruh nazoratchilari salomatligini o‘ylagan holda Davlat komissiyasining 2020-yil 19-iyundagi 1-son bayoniga muvofiq amalga oshirildi.

    Mazkur bayonga asosan, 17-sentabr kuni tana harorati 37⁰ C dan yuqori bo‘lgan, test sinovlariga kiritilmagan abituriyentlar uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tayyorlangan stadion va xiyobonlarda qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.