Davlat test markazi tanlov natijalari bo‘yicha ma’lumot berdi

    Ta'lim 24 Sentabr 2020 5823

    Ma’lumki, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari 2-sentabrdan 13-sentabrgacha, hududga kirishda tana harorati 37°C dan yuqori bo‘lgan hamda test sinovi o‘tkaziladigan kunda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan abituriyentlar uchun qo‘shimcha test sinovlari 17-sentabr kuni o‘tkazildi.

    Bunda, abituriyentlarning test sinovida to‘plagan ballari haqidagi ma’lumotlar test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga abitur.dtm.uz sayti orqali e’lon qilib borildi.

    Hozirda Davlat test markazi tomonidan barcha abituriyentlarning test sinovida toʻplagan natijalari boʻyicha ishlar yakuniga yetgan.

    Lekin joriy yilda ko‘plab imtiyozlar (harbiy xizmatchilarning farzandlari, IIV organi xodimlari farzandlari, harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasi, xotin-qizlar va So‘x tumani uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari va boshqalar) ham test sinovlari orqali talabalikka qabul qilinadigan ta’lim yo‘nalishlariga, ham kasbiy (ijodiy) imtihon orqali qabul qilinadigan ta’lim yo‘nalishlariga tatbiq etilayotganligi hamda kasbiy (ijodiy) imtihonlar 20-sentabrga qadar davom etganligi sababli, tanlov natijalarini hisoblash ishlari endi yakunlanmoqda.

    Hozirda barcha oliy ta’lim muassasalaridan kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari yagona bazaga yig‘ilmoqda va bu natijalar test sinovlari natijalari bilan birga hisoblanmoqda.

    Mazkur jarayon yakuniga yetgach, abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.