Muzaffar Abdullayev olgan suratlar
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, dunyo aholisining deyarli yarmi eng kerakli tibbiy xizmat bilan to'liq qamrab olinmagan. 800 milliondan ortiq aholi yoxud dunyo aholisining 12 foizi daromadining kamida 10 foizini sog'liqni saqlash uchun sarflaydi.
Chunki har qanday kasallik qaysidir miqdorda mablag' va tibbiy imkoniyat talab qiladi. Tibbiy xizmat narxi oshganda aholining kamxarj qatlamida yuqori malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati bo'lmasligi mumkin. Tibbiy sug'urtaning maqsadlaridan biri ana shu muammoni bartaraf etgan holda, tibbiy xizmatdan foydalanishda barchani teng qamrab olishdir.
Samara nimalarda ko'rinmoqda?
Sog'liqni saqlash sohasidagi smetali moliyalashtirish tizimi eskirgani, xalqaro amaliyotga mos kelmaydigan mexanizmlarga asoslangani, aholining malakali va kamxarj tibbiy xizmatga bo'lgan ehtiyoji tibbiy sug'urta tizimiga zaruratni yuzaga keltirdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etishdan ko'zlangan asosiy maqsad ham aholining moliyaviy qiyinchilikka duch kelmay, zarur tibbiy yordam olishini ta'minlash, el salomatligini mustahkamlashga qaratilgan.
Davlat tomonidan boshqariladigan va aholining barcha qatlamini qamrab oladigan mazkur tizim eng tejamkor va ratsional model hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining 2020 - yil 12 - noyabrdagi “Sog'liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida o'tgan yilning 1 - iyulidan 2022 - yil oxirigacha ushbu viloyatning barcha shahar va tumanlarida davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini joriy etish, tajriba-sinov natijalarini tahlil qilish, 2023 - yildan boshlab uning ijobiy natijalarini yurtimizning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich joriy qilish vazifasi belgilangan. Ayni paytda mazkur amaliyot ilk samarasini ko'rsatmoqda.
Tibbiy sug'urta tizimi joriy etilishi avvalida viloyat aholisining elektron reestri shakllantirildi. Bemorning kasalligi, qaysi shifokor qabulida bo'lgani, tashxis va davolanish holati haqidagi ma'lumotlar elektron bazaga kiritildi. Bu esa xastaliklarni erta aniqlash va oldini olish, shifokorlar faoliyatini baholashda qo'l kelmoqda.
Shu asosda poliklinikaga murojaat qilgan yoki shifoxonaga borgan shaxsga individual maslahat berish, zarurat bo'lsa, nazoratga olish, konsul`tatsiya va davolashreabilitatsiya jarayoniga jalb qilish amaliyoti olib borilyapti. Viloyatdagi har bir tibbiyot muassasasida tibbiy brigadalar shakllantirilib, 852 mingdan ortiq aholi xatlovdan o'tkazildi. Ular salomatlik ko'rsatkichiga ko'ra to'rt guruhga ajratildi. Maqsad kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy yordamning birlamchi bo'g'inida malakali va sifatli xizmat ko'rsatish, aholining salomatlik darajasi, o'rtacha umr ko'rish davomiyligini oshirishdan iborat.
— Moliyaviy resurslar cheklangani, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish sog'liqni saqlash sohasining muhim, hal qilinishi zarur bo'lgan muammolaridan biri edi, — deydi Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi ijrochi direktori Farrux Sharipov. — Sug'urtalash tizimining joriy etilishi aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko'lamining oshishi, xavfli kasalliklarga chalinish ehtimolini kamaytirish bilan birga, tez tibbiy yordam tizimining transport, tibbiyot muassasalarining dori-darmon bilan ta'minlanishini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalari bilan Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi o'rtasidagi shartnomaga ko'ra, aholi jon boshiga nisbatan, global byudjet (an'anaviy) tarzda va har bir davolangan holat uchun moliyalashtirish usulidan foydalanilmoqda.
Hozir Sirdaryo viloyatidagi 11 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi, 18 ta sog'liqni saqlash muassasasi bilan shartnoma imzolangan. Ushbu shartnomalarga asosan birlamchi tizim muassasalari ularga biriktirilgan aholi soni va tarkibidan kelib chiqib, dispanser xizmati ko'rsatuvchi muassasalar global byudjet asosida va statsionar muassasalar bajarilgan ishlar natijasi (davolangan holatlar) bo'yicha moliyalashtirish tizimiga o'tkazilgan.
O'tgan yilning iyul`–dekabr` oylarida davlat byudjetidan Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalariga shartnoma asosida Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi 225,5 milliard so'm yo'naltirdi.
Davlat tibbiy sug'urtasi joriy etilishi tibbiy xizmat narxining arzonlashishiga, xizmat sifati oshishiga olib kelmoqda. Fuqarolar oilaviy shifokor yo'llanmasi bilan tibbiyot muassasalarida sifatli tibbiy xizmat olish imkoniga ega bo'lmoqda.
Endi Sirdaryo viloyatidan Toshkent shahrida joylashgan tibbiyot muassasalariga keluvchilar soni kamaydi. Bu bilan bemorlarning vaqti tejalib, ortiqcha mablag' sarflanishining oldi olinmoqda. E'tiborlisi, ko'plab murakkab jarrohlik amaliyotlari viloyatning o'zida, malakali mutaxassislar ishtirokida bajarilmoqda.
Bir tom ostida
Yaqinda Guliston shahrida barcha qulayliklarga ega 520 o'rinli Guliston tibbiyot klasterining birinchi bosqichi faoliyat boshladi. Tibbiyot klasteri davlat tibbiy sug'urtasini joriy etish uchun to'laligicha zamin yaratish bilan birga, tibbiyotda innovatsiya va biotexnologiyalar uchun yo'l ochilishiga xizmat qiladi. Beshta davolash muassasasi va viloyat diagnostika markazi negizida tashkil etilgan klasterga tegishli barcha bo'lim, diagnostika va laboratoriya tekshiruvi markazlashib, bir binoda joylashtirilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj faxriylar shifoxonasidagi barcha bemorlar shu erga ko'chirildi. Tibbiy yordam ko'rsatishning uchinchi darajasida tibbiy xizmat ko'rsatishning yangi modeli yaratilib, endovaskulyar xirurgiya, kardioxirurgiya, yuqori texnologik davolash usullari, transplantatsiya xizmatlari tibbiyot klasterida to'laligicha yo'lga qo'yiladi. Kelgusida endokrinologiya, ko'z kasalliklari dispanserlari, viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazi va diagnostika markazida yotgan bemorlarga yordam ko'rsatish shu klaster tarkibida amalga oshiriladi va buning uchun barcha shart-sharoit, imkoniyat yaratilyapti.
Bemorni davolashda bir vaqtning o'zida kardiolog, okulist yoki endokrinolog maslahati kerak bo'lishi mumkin. Bu jarayonda boshqa davolash muassasasida zarur mutaxassis ko'rigidan o'tib, ularning xulosasini olish uchun ovorayu sarson bo'lish, vaqt sarflash kerak edi. Klasterga kelganidan keyin aholining boshqa davolash muassasasiga borishiga ehtiyoj qolmaydi. Shu erning o'zida barcha mutaxassis maslahatini olish mumkin. Bu esa bemorning vaqtini ham, mablag'ini ham tejaydi.
Rossiya, Belarus` va Turkiyada malaka oshirib qaytgan, zamonaviy tibbiy jihozlarni bemalol ishlata oladigan malakali shifokorlar samaradorlikni oshirmoqda.
— Barcha bemor o'ziga zarur tibbiy yordamni qisqa vaqtda olishi mumkin, — deydi Guliston tibbiyot klasteri direktori Qodir Hotamov. — Xususan, zarur hollarda shoshilinch tibbiy yordam navbatsiz ko'rsatiladi. Rejali kelgan bemorlar esa yo'llanma bilan qabul qilinadi.
Ayni paytda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti viloyatning o'zida bajarilmoqda. Misol uchun, bir necha yil muqaddam faqat chet elda amalga oshirish mumkin bo'lgan endoprotez o'rnatish (son bo'g'imidagi kosachaning bosh chanog'ini almashtirish) uchun hozir malakali shifokor ham, maxsus zamonaviy tibbiy qurilmalar ham etarli. O'tgan yili viloyat miqyosida bu kabi 30 ta jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
— 2020 - yilga nisbatan o'tgan yilda jarrohlik amaliyoti ko'rsatkichi 1,5 barobar ko'paydi, — davom etadi klaster direktori. — Poytaxtga yuborilayotgan bemorlar soni 2 barobar kamaydi. Bu insonlarning sarson-sargardon bo'lib, qiynalib yurishining oldi olindi, degani.
Klaster o'z-o'zidan paydo bo'lib qolmaydi. Sababi, buning uchun mutaxassislardan tashqari yangi tibbiy uskunalar, zamonaviy jihozlar sotib olinishi kerak. Tibbiy sug'urta tizimi anjomlarni sotib olish, mutaxassislarni tayyorlashda moliyaviy ko'mak bermoqda. 2020 - yilgacha viloyatda qilinmagan noyob jarrohlik amaliyoti, masalan, endoprotezlash, umurtqa pog'onasini mustahkamlash, ortopedik nuqson bilan tug'ilgan nogiron bolalarda a'zolar shaklini, ko'krak qafasidagi deformatsiyalarni to'g'rilash kabi amaliyotlar tibbiyot klasterida, etakchi mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilmoqda.
— O't pufagimda tosh paydo bo'lgani tufayli qattiq og'riqdan qiynalardim, — deydi Sardoba tumanidan kelgan 70 yoshli Iqboloy Jumasheva. — Jarrohlik amaliyoti yo'li bilan o't pufagimdagi tosh olib tashlandi. Shifoxonada sharoit yaxshi. Dori-darmon, davolash bepul.
Mazkur amaliyot kesmasdan, laproskapik usulda bajariladi va kam asoratli jarrohlik amaliyoti sanaladi. Bunda bemor ikki-uch kunda avvalgi sog'lom holatiga qaytadi va bemalol uyga ketishi mumkin bo'ladi. Bir hafta, o'n kundan keyin mehnatga layoqatliligi tiklanadi, noxush asoratlar kuzatilmaydi.
Ayni paytda viloyatda murakkab neyrojarrohlik amaliyoti ham bajarilmoqda. Buning uchun barcha sharoit yaratilgan. Zamirida “Inson qadri uchun” tamoyili ustuvor bo'lgan, aholi salomatligini asrash, umr davomiyligini oshirishdek ezgu niyatda qilinayotgan ishlar bugun har bir yurtdoshimiz hayotida o'z ifodasini topmoqda.
— Suyak emirilishi kasalligiga chalinganimga 15 yildan ko'proq bo'ldi, — deydi gulistonlik Rohat Hojibekova. — Shuncha yildan beri sog'lig'im yomonlashib, dardim ortayotganini sezib kelayotgandim. Yo'llanma bilan mana shu shifoxonaga keldim. Jarrohlik amaliyoti o'tkazilib, oyog'imga protez qo'yildi. Davolash, dori-darmon, operatsiya uchun mendan hech qanday mablag' talab qilinmadi. Hozir ahvolim yaxshi. Shu erning o'zida barcha qulayliklarga ega shifoxonalar va yaxshi shifokorlar borligidan g'ururlandim. Barchasi uchun cheksiz minnatdorman.
Mutaxassislar tayyorlanyapti, qimmatbaho uskunalar keltirilyapti. Xususan, yurak va buyrakda murakkab jarrohlik amaliyoti o'tkazish imkonini beradigan angiograf uskunasini xarid qilish ko'zda tutilgan.
Bularning barchasi zamirida xalq roziligiga erishish, sifatli va samarali tibbiy yordam ko'rsatish maqsadi mujassam. Buni xalqimiz yaxshi biladi va qadrlaydi. Zotan, anglangan qadrning ahamiyati yanada yuksak bo'ladi.
Risolat MADIEVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri















