Davlat rahbarining 2020 yil 12 noyabrda qabul qilingan “Sog'liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi  qarorida tibbiy xizmat ko'rsatishning yangi mexanizmini joriy etish, davlat tibbiy sug'urta tizimi bilan bog'liq ishlarni tashkil etish belgilangan. Dastlab, bu tizim Sirdaryo viloyatida aprobatsiyadan o'tkazilib, kelgysida respublikamizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilishi ko'zda tutilgan. 

SHunga binoan, Davlat tibbiy sug'urta jamg'armasi tashkil etildi. Sog'liqni saqlash vazirligi, Davlat tibbiy sug'urta jamg'armasi va Sirdaryo viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda yangi tizimni ishga tushirish, aholiga kafolatlangan paket hisobidan tibbiy xizmat ko'rsatish borasidagi ishlar Sirdaryoda boshlab yuborildi. Tibbiyot xodimlarini jahon tajribasini o'rgangan malakali mutaxassislar tomonidan o'qitish yo'lga qo'yildi. Viloyat aholisining 94,7 foizi (801 ming 358 nafari) tibbiy xatlovdan o'tkazildi. Ularning salomatligi o'rganilib, to'rtta —eng yuqori, yuqori, o'rta va past xavf guruhlariga ajratildi. eng yuqori xavf guruhida turgan 145 ming nafardan ortiq fuqaroni sog'lomlashtirish ustida ish olib borilmoqda.

Davlat tibbiy sug'urta mexanizmi bilan bog'liq ishlar Sirdaryo viloyatida joriy yilning 1 iyulidan boshlandi. Tizim bo'yicha tibbiyot xodimlari ko'rsatilgan xizmatlar hisobiga haq oladi. Hisob-kitob ishlari Davlat tibbiy sug'urta jamg'armasi va uning hududiy bo'limlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda tibbiyot xodimi tomonidan tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan fuqaroga ko'rsatilgan tibbiy xizmat turi, sifatiga alohida e'tibor qaratiladi. SHifokor va hamshira ko'rsatilmagan xizmat turi uchun davlat byudjetidan ish haqi ololmaydi.Tizimdagi ishlar to'liq tashkil etilgandan so'ng, aholi to'la-to'kis kafolatlangan tibbiy xizmat ko'rsatish paketlaridan foydalana boshlaydi. eski tartibga ko'ra nogironligi bo'lgan shaxslar, xotin-qizlar, urush qatnashchilari va boshqa shu kabi shaxslarga bepul xizmat ko'rsatilar edi.

YAngi tizimga ko'ra, bemor tibbiyot muassasasiga kelgunga qadar bir necha tekshiruvlardan o'tadi. So'ng unga birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasida ishlovchi oila shifokori, terapevt, pediatr, doya va boshqa tibbiyot xodimlari tomonidan xizmat ko'rsatiladi. 

Kasalligi o'rta darajadagi bemorlar birlamchi tibbiy-sanitariya massasasida davolansa, og'ir darajadagilar oila shifokori yo'llanmasi bilan yuqori darajadagi shifoxonalarga yo'naltiriladi. Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasida bemorni davolashning iloji bo'lmasa, tuman yoki shahar shifoxonasiga yo'llanma beriladi. Yo'llanmaga asosan shahar yoki tuman tibbiyot birlashmasida kafolatlangan paket asosida xizmat ko'rsatiladi. 

Bemorni tuman yoki shahar tibbiyot birlashmasida ham davolash imkoni bo'lmasa, viloyatga yo'llanma beriladi. Dori-darmon, o'rin-joy va boshqa xizmatlar uchun pul to'lanmaydi. Bu xarajatlar Davlat tibbiy sug'urta jamg'armasi tomonidan moliyalashtiriladi.

Mazkur mexanizm Sirdaryo viloyatida sinovdan o'tkazilmoqda. Tibbiyot xodimlarning davlat tibbiy sug'urta mexanizmlari va kafolatlangan tibbiy xizmat tizimi borasidagi tajribasi kun sayin oshib, yuzaga chiqishi mumkin bo'lgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilyapti.

Sog'liqni saqlash vazirligi 
matbuot xizmati.