Prezidentning 2023-yil 20-iyundagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishning takomillashtirilgan tizimini joriy etish nazarda tutilgan.

Qaror, shu jumladan, tuman (shahar) darajasida ambulator va statsionar sharoitda aholining eng koʻp murojaatlariga sabab boʻlayotgan kasalliklar va holatlarni inobatga olgan holda, Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxati shakllantirilishini nazarda tutadi.

Roʻyxatda koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlarning turlari, ularning taʼrifi, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar, tuman (shahar) markaziy shifoxonalari va tugʻuruqxonalar kesimida taqdim etish muddatlari mavjud.

Shuningdek, hujjatda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlariga kiritilgan tashxislar roʻyxati keltiriladi. Tibbiyot muassasalari formulyariga kiritilgan dori vositalari roʻyxati alohida shakllantirilgan.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 17.10.2023-yildan kuchga kirdi.